Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Yangi O‘zbekistonning jinoyat-huquqiy siyosati: ustuvor yo‘nalishlar va islohotlar” mavzuiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Huquqshunos olimlar, soha mutaxassislari, hamkor oliy ta’lim muassasasalaridan mehmonlar hamda akademiya vakillari ishtirok etgan tadbir avvalida Jinoyat huquqi kafedrasi boshlig‘i, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori Farhod Abduqodirov so‘z olib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar jamiyatda qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson qadri va manfaatlarini ulug‘lashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Davra suhbatida Prezident Administratsiyasi mas’ul xodimi, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori Mirsaid Haydarov, Toshkent davlat yuridik universiteti professori Salomat Niyozova, shuningdek akademiyaning Jinoyat huquqi kafedrasi professor-o‘qituvchilaridan Rustam Kabulov, Dilrabo Karimova, Atxam Adashboyev va boshqalar so‘zga chiqdi.
O‘zbekiston jinoyat-huquqiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, jinoyat qonunchiligini liberallashtirishning muhim jihatlari, Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati, “mansabdor shaxs” huquqiy atamasi tushunchasi va shaxsning xarakatlarini malakalashdagi shartli belgilar, axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar uchun javobgarlikni belgilovchi qonunchilikni takomillashtirish hamda boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Soha mutaxassislari tizimdagi yangilanishlarni tahlil qilib, qonunchilik hamda huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishga oid ilmiy asoslangan taklif va mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati