Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Islohotlar samarasi mahallalar tinchligi va osoyishtaligiga bog‘liq

07 Dekabr 2023, 10:12

714

Yurtimizda mahalla institutini rivojlantirish va shu orqali xalq manfaatlarini ko‘zlaydigan samarali tizim yaratish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Muhtaram Prezidentimiz bu haqda to‘xtalib, mahallalar xalq bilan davlat o‘rtasida ko‘prik bo‘lishi kerakligini alohida ta’kidlagan edi. Zero, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ezgu ishlar samarasi, avvalo, mahalla hayotida, aholining turmush farovonligida namoyon bo‘ladi. Buning uchun har bir mahalla jinoyatdan xoli bo‘lishi kerak.

Shu kunlarda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi professor-o‘qituvchilaridan iborat ishchi guruh tomonidan Samarqand viloyatidagi kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda o‘rganishlar olib borilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad xalq bilan yuzma-yuz muloqot qilish, ularning muammolarini tinglash, jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha hududlarga ilmiy-amaliy yordam ko‘rsatishdan iborat. 

Samarqand shahrining “Bog‘isaroy” va “Abu Rayhon Beruniy” mahallalarida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ishchi guruh rahbari Rustam Xatamov “mahalla yettiligi” a’zolari, ularga yaqin ko‘makchi bo‘layotgan faollar bilan muloqot qildi. Yig‘ilishda mazkur mahallalarning kriminogen holati, jinoyatchilikni jilovlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilindi. Mas’ullarga mavjud ahvolni tubdan yaxshilash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ayniqsa ijtimoiy profilaktikani kuchaytirish borasida zarur tavsiyalar berildi.

Shu kunning o‘zida tuman (shahar) ichki ishlar organlari boshliqlari o‘rinbosarlari uchun o‘quv mashg‘uloti ham tashkil qilindi. Jonli muloqot tarzida o‘tgan mashg‘ulotda tizimdagi izchil islohotlar, faoliyatni tashkil etishning zamonaviy yondashuvlari, rahbar kadrlarga qo‘yilayotgan dolzarb talablar, jinoyatchilikni jilovlashning samarali mexanizmlari tushuntirib o‘tildi. 

Ishchi guruh tomonidan huquqbuzarlikning sabablarini aniqlash va unga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘rganishlar davom ettirilmoqda.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech