Prezidentimizning joriy yil 5-yanvardagi mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlashga qaratilgan qaroridan tizim natijadorligini yanada oshirish ko‘zlangan.
Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi “Bog‘ishamol”, “Minor”, “Qashqar” va “Buyuk turon” mahallalarida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur mahallalar uch yildan buyon “qizil” toifada qolayotgan hudud sifatida IIV akademiyasiga biriktirilgan. Qarorda har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq vazifalarlarning belgilab berilgani mahallalarga jalb qilingan mas’ullar, professor-o‘qituvchilar hamda “mahalla yettiligi” tizimi xodimlarining mas’uliyatini yanada kuchaytirmoqda.
Akademiya ishchi guruhi rahbari, podpolkovnik Rustam Rahimxo‘jayevning ta’kidlashicha, ayni kunlarda hududlarda ish qizqin ruhda tashkil etilmoqda. Mahallalarni jinoyatdan xoli hududga aylantirish maqsadida kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan har bir omil ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida tahlil qilinyapti. Tegishli chora-tadbirlarni o‘zi ichiga olgan “yo‘l xarita”lar ishlab chiqilib, ijroga qaratilyapti.
Sir emaski, qarorda ko‘zda tutilgan vazifalarning o‘z vaqtida va samarali ijro etilishi mahallalarda xavfsiz muhit yaratishga xizmat qiladi. Aholining turmush darajasini yuksaltirish, hududlarni har tomonlama rivojlantirishda esa “mahalla yettiligi” tizimining munosib o‘rni bor. Shu bois, hududlarni o‘rganish chog‘ida mahalla xodimlarining bilim va ko‘nikmasi, tajribasini oshirish, faoliyatini samarali tashkil etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, mahallalar obodligi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar bugun yangi bosqichga chiqqan. Buning ezgu samarasi xalqimizning osoyishta va xavfsiz, jamiyatda kechayotgan yangilanishlarga daxldorlik hissi bilan yashashida namoyon bo‘lmoqda.
IIV akademiyasi Axborot xizmati