Yurtimiz yoshlari uchun yaratilayotgan ulkan imkoniyatlar ularning xorijiy tillarni mukammal o‘rganishiga keng yo‘l ochmoqda.
IIV akademiyasida ta’lim olayotgan kursantlar orasida ham ingliz, turk, xitoy va boshqa xorijiy tillarni puxta biluvchi iqtidorli yoshlar ko‘p. Ular mashg‘ulotlar jarayonida muloqotlar uyushtirib, turli tanlov va bellashuvlarda ishtirok etib, bilim va salohiyatlarini rivojlantirib kelayaptilar.
Ana shunday tadbir Xorijiy tillar markazi tashabbusi bilan ingliz tili bilimdonlari o‘rtasida tashkil etildi. Shu kuni kursantlar “Geosiyosiy maydonda O‘zbekiston: milliy manfaatlar, ustuvor tamoyillar va hamkorlik istiqbollari” mavzuida erkin muloqot qildilar. Markaz mutaxassislari tomonidan so‘zlashuvda grammatika qoidalariga amal qilish, fikrni ravon va mantiqiy izchillikda bayon etish, atamalarni to‘g‘ri qo‘llash va boshqa muhim jihatlar baholab borildi.
Debat yakunida xulosalar tahlil qilinib, yoshlarga zarur tavsiyalar berildi. Muhimi, amaliy mashg‘ulot kursantlarning chet tilida muloqot qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishda judayam foydali bo‘ldi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati