Sir emaski, kiberjinoyatlar soni yildan-yilga oshmoqda. Afsuski, ularni sodir etgan shaxslar orasida yoshlar ham ko‘payib bormoqda.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshidagi akademik litseyda bir guruh o‘quvchilar ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuv ana shu dolzarb masalaga bag‘ishlandi.
Tadbirda internetning zamonaviy imkoniyatlari, foydali jihatlari bilan birga, o‘sib kelayotgan navqiron avlod ongiga salbiy ta’sirlari, buning oqibatida yuzaga kelayotgan ayrim muammolar, xususan, axborot texnologiyalari yordamida jinoyat sodir etayotgan ayrim yoshlar haqida so‘z bordi.
IIV akademiyasi magistraturasi tinglovchisi, podpolkovnik Mirali Ishkarayev kiberjinoyatlar ning ko‘p sodir etilayotgan va ommalashayotgan turlariga to‘xtalar ekan, aynan yoshlarning bunday qilmishlarga qo‘l urishida asosiy sabab bo‘layotgan omillarni keltirib o‘tdi. Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini, qonunchilikda belgilangan javobgarlik masalalarini tushuntirdi.
Shu kuni tadbir ishtirokchilari huquqiy bilimlarini oshirib, kibermadaniyatga amal qilish, internet makonidagi xavf-xatar va mafkuraviy tahdidlardan ogoh bo‘lish yuzasidan ko‘nikmalarini mustahkamladilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati