Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida IIV akademiyasi magistraturasi tinglovchilari uchun sayyor mashg‘ulot tashkil qilindi.
Dastlab akademiya vakillari universitet faoliyati, ta’lim jarayonida yo‘lga qo‘yilgan ilg‘or yondashuvlar bilan tanishtirildi. Shundan so‘ng “Sun’iy intellekt va robotexnika”, “Raqamli dunyoda kiberxavfsizlikni ta’minlash”, “Zamonaviy telekommunikatsiya texnologiyalari” mavzularida mahorat darslari o‘tkazildi. Universitet olimlari tomonidan mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan tadqiqotlar, ilmiy-texnik ixtirolar, amaliyotga tatbiq qilinayotgan innovatsion tizimlar haqida ma’lumot berildi.
Tadbir davomida tinglovchilar telekommunikatsiya, mobil aloqa, sun’iy intellekt, robotexnika va kiberxavfsizlikka ixtisoslashgan zamonaviy laboratoriyalar bilan tanishib, ichki ishlar organlari faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilishning imkoniyatlari yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati