Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Ilmiy salohiyatni oshirishning muhim yo‘nalishlari muhokama qilindi

03 Yanvar 2023, 06:01

1320

IIV Akademiyasida ichki ishlar organlari faoliyatini ilmiy ta’minlashning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Ta’lim muassasasi boshlig‘ining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Ruftullo Nigmatov so‘z olib, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar bilan birga, yaqin istiqbolga mo‘ljallangan ustuvor vazifalarga batafsil to‘xtaldi. 

Qayd etilganidek, o‘tgan davr mobaynida ilmiy-tadqiqot faoliyatini jadallashtirish maqsadida 8 ta ilmiy maktab, 19 ta ilmiy yo‘nalish, 7 ta intellektual klub va 21 ta ilmiy to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Xalqaro va respublika miqyosida yuzga yaqin ilmiy-amaliy konferensiya, davra suhbati va ilmiy seminarlar o‘tkazildi. Ichki ishlar vazirligining tegishli sohaviy xizmatlari bilan hamkorlikda dolzarb yo‘nalishdagi dissertatsiya mavzulari banki shakllantirilib, ilmiy ishlanmalar natijalarini ichki ishlar organlari faoliyatiga joriy qilish va ijobiy tajribalarni ommalashtirish bo‘yicha Kengash tashkil qilindi.

Ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyatda yuqori natijalarga erishayotgan xodimlarni rag‘batlantirish maqsadida “Eng yaxshi dotsent”, “Eng yaxshi professor”, “Eng yaxshi olim”, “Eng yaxshi ilmiy to‘garak rahbari”, “Eng yaxshi ilmiy-tadqiqot”, “Eng yaxshi monografiya”, “Eng yaxshi o‘quv nashri”, “Eng yaxshi ilmiy maqola” nominatsiyalari bo‘yicha tanlovlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, “Huquqiy olam” (“Pravovoy mir” - “Legal world”) huquqiy, ilmiy-amaliy jurnali tashkil qilindi. Mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan komleks chora-tadbirlar natijasida Akademiyaning ilmiy salohiyat ko‘rsatkichi sezilarli darajada oshdi.

Davra suhbatida ilmiy-innovatsion faoliyatni boshqarishning nazariy va amaliy jihatlari, ichki ishlar organlari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashda fan va ta’lim integratsiyasini kuchaytirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatida natijadorlikni oshirish, bu boradagi ishlarni samarali tashkillashtirish, mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanish yuzasidan fikr almashilib, Akademiyaning 2023-yilga mo‘ljallangan ilmiy ishlar rejasi doirasida bir qator ustuvor vazifalar belgilab olindi.

 

IIV Akademiya Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech