Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Ikki elning aziz farzandi

7 Mart 2026, 11:39

105

IIV akademiyasida qirg‘iz xalqining buyuk farzandi, atoqli yozuvchi va jamoat arbobi Chingiz Aytmatovga bag‘ishlangan adabiy kecha o‘tkazildi.

Xorijiy fakultet tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti vakillari, professor-o‘qituvchilar hamda kursantlar qatnashdi.

Chingiz Aytmatov nafaqat qirg‘iz, balki jahon adabiyotining yetuk namoyandasi ekanligi, adibning gumanizm g‘oyalari bilan sug‘orilgan asarlari qardosh xalqlar o‘rtasida ma’naviy ko‘prikka aylangani e’tirof etildi.

Dunyoning ko‘plab mamlakatlari singari yurtimizda ham Chingiz Aytmatov kitoblari katta qiziqish bilan mutolaa qilinishi, “Asrga tatigulik kun”, “Qiyomat”, “Alvido, Gulsari”, “Oq kema”, “Jamila”, “Sarvqomat dilbarim” va boshqa asarlari o‘zbek kitobxonlari qalbidan chuqur joy olgani aytib o‘tildi.

Tadbirda taniqli shoira Abadan Turdimuratova, adabiyotshunos olim Anvar Allaberganov so‘zga chiqib, adibning hayoti va ijodiga to‘xtalib o‘tishdi. Yozuvchi o‘z asarlari orqali bashariyatga daxldor global muammolardan insoniyatni ogoh etib, faqat ezgulikka da’vat etgani uchun ham umrboqiylik kasb etayotgani ta’kidlandi.

Shu kuni kursantlar uchun Chingiz Aytmatov asarlari bo‘yicha viktorina ham uyushtirildi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech