Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

IIV Akademiyasining kunduzgi taʼlim bakalavriatiga qabul imtihonlari bo‘lib o‘tdi

09 Iyul 2024, 04:07

1417

IIV Akademiyasida joriy yilning 24-iyun kunidan 7-iyul kuniga qadar “Abituriyent – 2024” imtihonlari bo‘lib o‘tdi. Unda 3 mingdan ziyod nomzod taʼlim muassasasining kunduzgi taʼlim bakalavriatida o‘qish istagini bildirib, imtihonlarda ishtirok etdi.

Kirish imtihonlari 2 bosqichda – maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbat tarzida amalga oshirildi. Dastlabki bosqichda har bir nomzodning salomatlik holati, yozma nutqi va savodxonligi, xorijiy tillardan birini qay darajada o‘zlashtirgani hamda umumjismoniy tayyorgarligi sinovdan o‘tkazildi. “Ekspert-kriminalistika faoliyati” ixtisoslik yo‘nalishi bo‘yicha hujjat topshirgan nomzodlardan tanlagan sohasining xususiyatidan kelib chiqqan holda yozma ish (bayon) o‘rniga kimyo va fizika fanidan og‘zaki, xorijiy tildan test sinovining o‘rniga matematika fanidan test sinovlari qabul qilindi.

Yuqoridagi sinovlardan yetarli ballarni qo‘lga kiritgan nomzodlar esa huquqshunoslik, O‘zbekiston tarixi va tarbiya fanlaridan o‘tkazilayotgan yakka tartibdagi yakuniy suhbatda o‘z bilimlarini namoyon etishdi.

Aytish joizki, imtihon jarayonlarini shaffof o‘tkazish maqsadida nomzodlar uchun maxsus raqamlangan kartochkalar joriy qilingan. Yaʼni har bir nomzod imtihonni mazkur kartochka orqali topshiradi va uning shaxsiga doir maʼlumotlari oshkor qilinmaydi. Jarayon yakunida esa ular olgan ballar o‘qib eshittiriladi. Bundan tashqari kunlik natijalar IIV Akademiyasi rasmiy telegram kanalida eʼlon qilib borildi.

Imtihonlar IIV sohaviy xizmatlari, yetakchi oliy taʼlim muassasalari mutaxassislari hamda Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan qabul qilindi. Yana bir muhim jihati, tibbiy ko‘rikdan yakuniy suhbatgacha bo‘lgan barcha bosqichlar onlayn vaqt rejimida videotasvirga tushirildi. Bu esa natijadan ko‘ngli to‘lmagan nomzodlarning murojaatlarini xolisona ko‘rib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Maʼlumot o‘rnida aytish kerakki, joriy o‘quv yilida Akademiyaning kunduzgi taʼlim bakalavriatiga 7 ta – “tezkor-qidiruv faoliyati”, “huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati”, “ekspert-kriminalistika faoliyati”, “jazoni ijro etish faoliyati”, “xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik taʼminlash”, “tashkiliy-shtab faoliyati”, hamda “probatsiya faoliyati” ixtisoslik yo‘nalishlari bo‘yicha nomzodlar qabul qilinadi.

Nomzodlarning yakuniy natijalar IIV Akademiyasi rasmiy telegram kanalida eʼlon qilinadi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech