Bugun, 22-may kuni Buyuk Britaniya Qirolligi Mudofaa tadqiqotlari harbiy kolleji kommendanti o‘rinbosari Stiven Dayton boshchiligidagi delegatsiya IIV Akademiyasiga keldi. Mehmonlarni Akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov kutib oldi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanib bormoqda. O‘zaro manfaatli aloqalarda harbiy sohada tajriba almashish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish kabi yo‘nalishlar ustuvor ahamiyat kasb etadi. Mudofaa tadqiqotlari harbiy kolleji vakillarining mamlakatimizga tashrifi ham istibolli aloqalar yuzasidan fikr almashish imkonini berdi.
Xorijlik mehmonlar Akademiya faoliyati, ayniqsa ta’lim tizimiga tatbiq qilingan eng so‘nggi yangiliklar, kadrlar tayyorlashning zamonaviy yondashuvlari, mavjud salohiyat va strategik rivojlanish maqsadlari bilan yaqindan tanishdilar. Delegatsiya rahbari Stiven Dayton hozirgi globallashuv sharoitida ilg‘or tajribalarni ommalashtirish muhimligini ta’kidlab, ta’limda erishilayotgan ijobiy natijalarga yuqori baho berdi.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar amaliy hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma ta’lim dasturlari orqali xodimlar malakasini oshirish, ilmiy-texnikaviy yo‘nalishda tajriba almashish, o‘quv muassasalari o‘rtasida faol muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati