Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

IIV AKADEMIYASIGA BELARUS RESPUBLIKASI DELEGATSIYASI TASHRIF BUYURDI

27 Dekabr 2021, 01:12

1724

24-dekabr kuni Belarus Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i, general-mayor Aleksandr Vasilyev boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga keldi. Tashrif doirasidagi asosiy tadbirlar Ichki ishlar vazirligi akademiyasida bo‘lib o‘tdi.  

Ta’kidlash joizki, ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik aloqalari ikki tomonlama kelishuv asosida jadal rivojlanib bormoqda. Joriy yilning o‘zida kiberjinoyatlarning oldini olish, tergov jarayonida axborot texnologiyalarini samarali qo‘llash, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash va ommaviy tartibsizliklarning oldini olish kabi muhim yo‘nalishlarda o‘quv-trening mashg‘ulotlari, professor-o‘qituvchilar va kursantlar uchun malaka oshirish kurslari tashkil qilindi. Istiqboldagi aloqalarda o‘zaro tajriba almashinuvini kengaytirish, kadrlar tayyorlashning ilg‘or yondashuvlarini ommalashtirish nazarda tutilgan.

Tomonlarning tor doiradagi uchrashuvida ta’lim sohasidagi hamkorlikning asosiy jihatlariga e’tibor qaratildi.

– O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarda o‘zaro ishonch va intilish muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi IIV Akademiyasi boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov. – Qisqa fursatda hamkorligimizni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishda aniq natijalarga erishdik. O‘ylaymanki, bu borada mavjud salohiyatlar hali to‘liq ishga solinmagan. Bugungi muloqotimiz yaqin istiqbolga mo‘ljallangan loyihalarni muhokama qilish imkonini beradi.

Belarus Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i, general-mayor Aleksandr Vasilyevning e’tirof etishicha, hozirgi murakkab davrda ikki tomonlama hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitish juda muhim. O‘zbekiston ta’lim tizimida qo‘llanilayotgan o‘ziga xos yondashuvlar esa ayni jihati bilan katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Muzokalardan so‘ng delegatsiya a’zolari Akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Mehmonlarga ta’lim jarayoniga tatbiq etilgan yangiliklar, shaxsiy tarkib bilan olib borilayotgan jangovar-jismoniy va ma’naviy-ma’rifiy ishlar haqida ma’lumot berildi. Ayniqsa Akademiya yoshlarining sport sohasida qo‘lga kiritayotgan ulkan yutuqlari mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi. Belarus Respublikasi IIV Akademiyasi boshlig‘i o‘quv tezkor-tergov guruhlari uchun maxsus jihozlangan avtobuslarni ko‘zdan kechirib, nazariya va amaliyot uyg‘unligining o‘ziga xos xususiyatlari borasida o‘z mulohazalarini bildirdi. Shuningdek mehmonlar Axborot-resurs markazining zamonaviy imkoniyatlari bilan tanishib, maskanda barpo etilgan “Turon qoploni – Jaloliddin Manguberdi” hamda “Buyuk sohibqiron Amir Temur” xonalarini tomosha qildilar. Shu yerning o‘zida Aleksandr Vasilyev yaqinda Belarus Respublikasida tajriba o‘rganib qaytgan kursantlar bilan muloqot qildi.

– O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati hayotga izchil tatbiq etilganiga guvoh bo‘ldim. Ayniqsa kursantlarning zamonaviy bilim olib, kasbiy ko‘nikmalarni egallashi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Kadrlar tayyorlashning tizimli yo‘lga qo‘yilgani esa ichki ishlar organlarini yetuk salohiyatli mutaxassislar bilan ta’minlashga puxta zamin yaratadi. Amaliyotga joriy qilingan ilg‘or yondashuvlarni Belarus tajribasida qo‘llashni rejalashtirganmiz, – dedi  A. Vasilyev.

Shuning bilan Belarus Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi delegatsiyaning xizmat safari nihoyasiga yetdi.

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati  

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech