Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

IIV akademiyasi xalqaro tuzilmaga a’zo bo‘ldi

8 May 2026, 22:17

87

4–6-may kunlari Turkiy davlatlar politsiya akademiyalari platformasi (TÜRKPAP) a’zolari Boku shahrida yig‘ildilar.

Dastlab Turkiya, Vengriya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirokida Bosh assambleya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda o‘zaro munosabatlarning bugungi holati, jahonda ro‘y berayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar, global sharoitda manfaatli aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. So‘zga chiqqanlar xalqaro tuzilma Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar o‘rtasida ta’lim integratsiyasini kuchaytirishga xizmat qilayotganini ta’kidlab, kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlarga e’tibor qaratdi.

Xalqaro tuzilma doirasida ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik yo‘lida umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish, dolzarb muammolarning yechimi bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish, bu borada turkiy davlatlarning ulkan salohiyatidan foydalanish zarurligi qayd etildi. Kun tartibidagi masalalar yuzasidan muhim qarorlar qabul qilinib, o‘zaro anglashuv memorundumi imzolandi.

Shundan so‘ng “Politsiya ta’limida transformatsiya: sun’iy intellektdan virtual reallikka o‘tishning innovatsion yondashuvlari” mavzuidagi kongress o‘z ishini boshladi. Anjumanda huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlashni takomillashtirish, ta’lim jarayonida raqamli texnologiyalar imkoniyatlarini kengaytirish, ilg‘or tajribalarni amaliyotga joriy qilish yuzasidan fikr almashildi.

Kongessning ikkinchi kuni Ichki ishlar vazirligi akademiyasini Turkiy davlatlar politsiya akademiyalari platformasiga qabul qilishga bag‘ishlangan marosim bilan boshlandi. Hujjat imzolash marosimidan so‘ng akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov so‘z olib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar azaliy do‘stlik va qardoshlik ruhi bilan barqaror ravnaq topayotganini e’tirof etdi. Xalqaro munosabatlarda yangi muhitning shakllanayotgani manfaatli hamkorlikni sifat jihatdan yuqori bosqichga olib chiqishini alohida ta’kidladi.

Anjuman davomida Ozarbayjon, O‘zbekiston, Vengriya, Turkiya vakillarining “Jinoyatchilikka qarshi kurashishda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash”, “Huquqni muhofaza qiluvchi organlar kadrlarini tayyorlashda moslashuvchan ta’lim platformalarini joriy etish”, “Politsiya tizimida sun’iy intellekt va virtuallashish: kiberjinoyatlarni tergov qilish misolida” hamda boshqa mavzudagi chiqishlari tinglandi. Sohaga oid ilg‘or yondushuv va tajribalar taqdimot qilindi. Shu yerning o‘zida IIV akademiyasi faoliyatiga oid videorolik havola etildi.

Yakunda ta’limni zamonaviy transformatsiyalar jarayoniga moslashtirish, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasida tajriba almashinuvini kengaytirish, amaliyotga ilg‘or yondashuvlarni joriy qilish, soha uchun boshqaruv kadrlarini tayyorlash, hamkorlikning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan muhim tashabbuslar ilgari surildi.

Shundan so‘ng nufuzli anjuman ishtirokchilari Ozarbayjon politsiya akademiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Mehmonlarga kadrlar tayyorlashdagi innovatsion yangiliklar, raqamli texnologiyalarga oid ilg‘or yechimlar, ta’lim oluvchilar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar namoyish qilindi.

Aytish joizki, Boku safari chog‘ida hamkor ta’lim muassasalari o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi. IIV akademiyasi rahbari Rustam Xatamov Turkiya milliy politsiya akademiyasi boshlig‘i Murat Balchi, Ozarbayjon politsiya akademiyasi boshlig‘i Janpolad Daanov, Lyudovnik nomidagi Vengriya davlat boshqaruvi universiteti Huquqni muhofaza qilish faoliyati fakulteti rahbari Gabor Kovach bilan muloqot qilib, manfaati aloqalarni kengaytirish masalalari bo‘yicha fikr almashdi. Tomonlar o‘zlarini qiziqtirgan yo‘nalishlarda muhim kelishuvlarga erishdilar.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech