Joriy yilning 28-oktyabr kuni Belarus Respublikasi IIV Akademiyasida “Zamonaviy sharoitda jamoat xavfsizligini ta’minlashning dolzarb muammolari” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi vakillari ham ishtirok etdi.
Anjumanda so‘z olganlar global tahdidlar kuchayib borayotgan sharoitda jamoat xavfsizligini ta’minlash va zamonaviy xavf-xatarlarning oldini olish, favqulodda vaziyatlarda huquq-tartibot organlari kuch va vositalarini samarali boshqarish, ayniqsa kasbiy va jangovar-jismoniy tayyorgarlik masalalari muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlab o‘tishdi. Shundan so‘ng asosiy ma’ruzachilarning dolzarb mavzudagi ma’ruzalari tinglandi. Favqulodda holatlarda dron qurilmalardan samarali foydalanishga bag‘ishlangan taqdimot namoyish etildi. Qizg‘in bahs-munozaralar yakunida jamoat xavfsizligini ta’minlashning zamonaviy yo‘nalishlariga qaratilgan taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, anjuman ishtirokchilari Belarus Respublikasi IIV Akademiyasi, vazirlik qoshidagi maxsus litsey, Ichki ishlar xodimlarini tayyorlash, malakasini oshirish va qayta tayyorlash markazi, Ichki qo‘shinlar harbiy qismi hamda “Qoplon” harbiy-vatanparvarlik klubi faoliyati bilan tanishib, amaliyotga tatbiq qilingan yondashuvlarni ko‘zdan kechirdilar. Mehmonlar uchun Minsk shahrining diqqatga sazovor maskanlarida madaniy tadbirlar tashkil etildi.
Ahamiyatlisi, xalqaro konferensiya turdosh oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab olish imkonini berdi. Xususan, O‘zbekiston va Belarus Respublikalari IIV Akademiyalari vakillari uchrashuvida boshqaruv kadrlarini tayyorlashda o‘zaro tajriba almashish, ilmiy aloqalarni kengaytirish, innovatsion ta’lim yutuqlarini ommalashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
IIV Akademiyasi Axborot xizмати