Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

IIV AKADEMIYASI VAKILLARI NUFUZLI XALQARO FORUMDA QATNASHDI

22 Aprel 2026, 19:45

365

20-aprel kuni Samarqandda “Jamoat salomatligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusida global forum bo‘lib o‘tdi.

Prezident Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi hamda BMTning narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan forumda nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari, qator davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari rahbarlari, xorijiy va milliy ekspertlar, soha mutaxassislari qatnashdi.

Anjuman avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum qatnashchilariga murojaatini Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘qib eshittirdi.

Bugungi tahlikali zamonda transmilliy tahdidlar ko‘lami kengayib borayotgani, aholi, ayniqsa yoshlar orasida yangi sintetik narkotiklar, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar keng tarqalayotgani, bu jarayonlar nafaqat xavfsizlik va barqarorlikka, balki inson hayoti va salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani aytib o‘tildi.

O‘zbekistonda giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish masalasiga umummilliy harakat sifatida barcha kuch va vositalar safarbar qilinayotgani, keyingi yillarda mazkur sohada idoralararo hamkorlikni mustahkamlash, profilaktika mexanizmlarini rivojlantirishga qaratilgan 20 dan ortiq qonun hujjatlari, ayniqsa Narkotiklarga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiya qabul qilingani e’tirof etildi.

Forumda narkotiklarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, ilg‘or xalqaro tajribalarni tizimli o‘rganish va amaliyotga joriy etish, zamonaviy narkotahdidlarga qarshi kompleks yondashuvlarni ishlab chiqish, raqamli texnologiyalar hamda sun’iy intellektdan samarali foydalanish, giyohvandlikka qarshi kurashishda davlatlararo va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Forumning sho‘ba majlislarida giyohvandlik va narkotahdidlarga qarshi kurashishda ta’lim va profilaktika, xalqaro hamkorlik, giyohvandlarni davolashning samarali usullari, xavfsizlik va huquq-tartibot organlari faoliyati, narkotiklar ustidan nazoratning ilmiy-innovatsion yondashuvlari kabi mavzularga e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, xalqaro ko‘rgazma tashkil qilinib, narkojinoiy uyushgan guruhlarga qarshi kurashishda qo‘llanilayotgan raqamli texnologiyalar, zamonaviy texnik vositalar, mahalliy ishlab chiqarilgan maxsus jihozlar namoyish etildi.

Aytish joizki, xalqaro forum va uning doirasida o‘tkazilgan anjumanlarda IIV akademiyasi rahbari Rustam Xatamov boshchiligida professor-o‘qituvchilar hamda kursantlar ham faol qatnashdi. Ayniqsa, xalqaro ko‘rgazma chog‘ida akademiyada yo‘lga qo‘yilgan zamonaviy ta’lim jarayonlari, “narkojinoyatlarga qarshi kurashish” ixtisoslik yo‘nalishida tayyorlanayotgan kadrlar, dual ta’lim asosida nazariy va amaliy mashg‘ulotlarga joriy qilingan innovatsion yondashuvlar taqdimot qilindi.

Maxsus pavilonlarda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha maxsus tadqiqotlarni o‘tkazish, ularni sodir etgan shaxslarni aniqlash va qo‘lga olish, internet makonidagi narkojinoyatlarni fosh etishning simulyatsion tarzda namoyish qilingani, ta’lim muassasasida mazkur dolzarb muammoning yechimlari borasida olib borilayotgan ilmiy-amaliy tadqiqot ishlari natijalari forum ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Yana bir jihati, xalqaro forum hamkor tashkilotlar bilan faol muloqot qilish imkonini yaratdi. IIV akademiyasi boshlig‘i qo‘shni Tojikiston, Qirg‘iziston davlatlarining turdosh oliy ta’lim muassasalari rahbarlari bilan uchrashib, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi. Samarali uchrashuvlar yakunida ta’lim sohasida manfaatli aloqalarni chuqurlashtirish va yangi imkoniyatlar bilan boyitishga kelishib olindi.

Bir so‘z bilan aytganda, nufuzli anjuman narkotahdidlarga qarshi kurashishda yagona yondashuvni shakllantirish, xalqaro va mintaqaviy darajada samarali hamkorlik mexanizmlarini kengaytirish, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qildi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech