Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar milliy qonunchiligimizda ham o‘z aksini topmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bir qator qonun loyihalari atroflicha muhokama qilindi.
Dastlab deputatlar e’tiboriga “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatning huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi havola qilindi.
Qonunchilik palatasi Axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur qonun loyihasi bilan “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning ayrim normalariga qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ya’ni tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirish tartibini aniqlashtirish, axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatchilikka qarshi kurashishning huquqiy asoslarini mustahkamlash, tezkor-qidiruv tadbirlari axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda kibermakonda va (yoki) uning imkoniyatlaridan foydalangan holda o‘tkazilishi mumkin ekanligi nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunga jinoyatlarni sodir etgan shaxslarni aniqlash va qidirish, shuningdek jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlayotgan hamda bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirish maqsadida ommaviy axborot vositalarining imkoniyatlaridan bepul foydalanishga doir ichki ishlar organlarining huquqlarini aniqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritilmoqda. Bundan tashqari, “Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi qonun ham jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatning huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha bilan to‘ldirilmoqda.
Majlisda mazkur o‘zgartirish va qo‘shimchalar qizg‘in muhokama qilindi. Qonun loyihasining qabul qilinishi jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini yanada ishonchli ta’minlashga, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlar samaradorligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shu kuni quyi palataning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi vakillari bilan uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi. Muloqotda qonun loyihalarini ishlab chiqish va qabul qilish amaliyoti, kutilayotgan yangiliklar xususida fikr almashildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati