Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

IIV Akademiyasiga tegishli sud ekspertizalari va tadqiqotlarni o‘tkazish huquqi berildi

14 Fevral 2022, 10:02

1470

Ma’lumki, joriy yilning 3-fevralida davlatimiz rahbari tomonidan “Ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika sohasini zamonaviy ilm-fan yutuqlarini keng joriy etgan holda yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror imzolandi.

Mazkur qaror bilan Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazi to‘g‘risida nizom, ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”, shuningdek ichki ishlar organlari ekspert-kriminalistika bo‘linmalarini 2022-yilda moddiy-texnika vositalari bilan ta’minlash dasturi tasdiqlandi. Bundan tashqari, IIV Akademiyasining Kriminalistik ekspertizalar kafedrasiga belgilangan tartibda tegishli sud ekspertizalari va tadqiqotlarni o‘tkazish huquqi berildi.

Ta’lim muassasasida mazkur qarorda belgilangan vazifalar ijrosiga bag‘ishlab o‘tkazilgan davra suhbatida IIV Ekspert-kriminalistika bosh markazi va uning hududiy bo‘limlari vakillari, Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda kunduzgi ta’lim kursantlari ishtirok etdi. IIV Ekspert-kriminalistika bosh markazi boshlig‘i, polkovnik S.Nuriddinov, Akademiya boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik R.Nigmatov, Kriminalistik ekspertizalar kafedrasi boshlig‘i, podpolkovnik A.Husanovlar so‘z olgan tadbirda yangi qarorning mazmun-mohiyati batafsil tushuntirildi.

Ta’kidlab o‘tilganidek, ekspert-kriminalistika faoliyatini yanada takomillashtirishning huquqiy asoslari mustahkamlangan qarorda bir qator ustuvor yo‘nalishlar belgilab berilgan. Mazkur vazifalar zamonaviy fan va texnikaning ilg‘or yutuqlari, raqamli texnologiyalar, kriminalistikaning yangi ilmiy usul va vositalarini qo‘llash mexanizmlarini joriy etish, avtomatlashtirilgan kriminalistik axborot-qidiruv tizimlari va axborot bazalarini yaratish, axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan huquqbuzarliklar bo‘yicha raqamli ekspertizaning imkoniyatlaridan foydalanish, shaxsga doir biometrik ma’lumotlar (genomga oid axborot, yuz qiyofasi, qo‘lbarmoq, izlari) asosida avtomatlashtirilgan identifikatsiya tizimlarini tatbiq qilish, tezkor-qidiruv tadbirlari, tergov va sud harakatlarida ashyoviy dalillar tadqiqotining yangi turlari, innovatsion kriminalistik yondashuv, usul hamda texnik vositalarini keng joriy etish, ekspert-kriminalistika sohasida kadrlarni maqsadli tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha samarali o‘quv-amaliyot jarayonini tashkil etish kabilarni nazarda tutadi.

Endilikda vazirlik Ekspert-kriminalistika bosh markazi tuzilmasida Genetik tadqiqotlar va Shaxsning genom axborotini davlat ro‘yxatiga olish bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, o‘qotar, pnevmatik, gazli, signal beruvchi, covuq, uloqtiruvchi va boshqa qurollar, ularning o‘q-dorilarini, maxsus vositalarni, o‘q o‘tkazmaydigan maxsus himoya vositalarini, elektroshok qurilmalari, pirotexnika buyumlari va portlovchi materiallarni sertifikatlashni amalga oshiruvchi davlat muassasasi tashkil etilmoqda. Ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika bo‘linmalariga ekspert-kriminalistika sohasida jismoniy va yuridik shaxslarga shartnoma asosida ekspertlik, biometrik identifikatsiya, ilmiy-tadqiqot va axborot xizmatlarini hamda sohaga oid boshqa pullik xizmatlarni ko‘rsatish huquqi beriladi.

Davra suhbatida qarordagi vazifalar ijrosini ta’minlash borasida Akademiyaning Kriminalistik ekspertizalar kafedrasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar, xususan, soha xodimlarining kasbiy malakasini oshirish, mavjud moddiy-texnik bazasi takomillashtirish, ta’lim samaradorligini oshirish, ta’lim jarayonida nazariya va amaliyot uyg‘unligini kuchaytirish borasida atroflicha fikr almashildi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech