Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

ICHKI ISHLAR ORGANLARIGA 30 YIL: RIVOJLANISH YO‘LI, ISLOHOTLAR VA ISTIQBOLLAR

06 Noyabr 2021, 10:11

1377

Mamlakatimiz ichki ishlar organlari mashaqqatli va sharafli yo‘lni bosib o‘tdi. Soha faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan islohotlar samarasida Yangi O‘zbekistonda yangi ichki ishlar organlari shakllandi.

 

IIV Akademiyasida “Ichki ishlar organlariga 30 yil: rivojlanish yo‘li, islohotlar va istiqbollar”  mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tizimning o‘ttiz yillik faoliyatiga bag‘ishlandi. Unda vazirlik hamda idoralar, jamoat va xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpuslar, turdosh oliy ta’lim muassasalaridan vakillar, xorijlik ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Anjuman avvalida o‘quv dargohi boshlig‘i Rustam Xatamov so‘z olib, ichki ishlar organlarining shonli tarixi va rivojlanish bosqichlari, so‘nggi yillar tizimda amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar, xususan, ichki ishlar organlarini aholiga yanada yaqinlashtirish, sohaning jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi faoliyatiga to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, mustaqillikning dastlabki yillari respublikamizda murakkab vaziyat, davlat va jamiyat manfaatlariga qarshi sodir etilgan tajovuzlar, ayniqsa uyushgan jinoyatchilikning avj olgani ushbu illatlarga barham berish, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashni taqozo etardi. O‘sha davrda ichki ishlar idoralarining asosiy kuch va vositalari huquq-tartibotni mustahkamlash, jamiyat hayotiga xavf solayotgan turli ko‘rinishdagi jinoyatlarning oldini olishga yo‘naltirildi. Tizimdagi islohotlarning dastlabki bosqichida Ichki ishlar vazirligi tuzilmalari faoliyati qaytadan tashkil etilib, faoliyati kuchaytirildi.

– So‘nggi besh yilda ichki ishlar organlarining barcha sohaviy xizmatlari kompleks isloh qilindi, – dedi IIV Akademiyasi boshlig‘i R.Xatamov. – Birinchi navbatda, tizimni xalq manfaatlariga xizmat qiladigan xalqchil tuzilmaga aylashtirish ustuvor maqsad etib belgilandi. O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinib, sohaning huquqiy asosi yanada mustahkamlandi. Muhimi, bu yangilanishlar tizim faoliyatini mutlaqo yangicha yondashuvlar asosida tashkil etishga xizmat qilmoqda. 

Izchil islohotlar davrida sohada jamoatchilik, parlament va deputatlik nazoratining samarali mexanizmlari joriy etildi. Xalq bilan muloqotning manzilli tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida ichki ishlar organlarining 85 foiz xodimi quyi tizimga, aholiga yaqinlashtirildi. Har bir mahalla uchun huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektori biriktirilib, fuqarolar yig‘inlari raislarining huquq-tartibot bo‘yicha o‘rinbosari vazifasi ular zimmasiga yuklatildi. Jinoyatchilikni jilovlash, hududlarning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida muhim ishlar qilindi. “Xavfsiz poytaxt”, Xavfsiz shahar”, “Xavfsiz xonadon”, “Namunali hudud”, “Jinoyatdan xoli mahalla” singari konsepsiyalar amaliyotga tatbiq etildi. Ayniqsa fuqarolarni tashvishga solayotgan masalalarni joyida hal etish bo‘yicha “mahallabay”, “xonadonbay”, “fuqarobay” kabi mexanizmlar, yoshlar, ehtiyojmand oilalar va ayollar bilan ishlashning “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari” va “mehr daftari” singari yangicha tartiblari asosida ichki ishlar organlarining faoliyat samaradorligi kuchaytirildi. Jinoyatlarning sodir etilishiga ta’sir qilayotgan omillarni barvaqt aniqlash va mavjud muammolarni “ilmiy diagnoz” qo‘yish orqali oldini olish yo‘lga qo‘yildi.

Xalqaro anjumanda tizim faoliyatida erishilayotgan yutuqlar xorijlik ekspertlar tomonidan ham alohida e’tirof etildi. Xususan, Belarus Respublikasi IIV akademiyasi boshlig‘i Aleksandr Vasilyev, Tojikiston Respublikasi IIV akademiyasi boshlig‘i Fayzali Sharifzoda, Turkiya milliy politsiya akademiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari Orchun Imga O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan mislsiz islohotlar, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, yaqin va uzoq xorijiy mamlakatlar bilan ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish borasidagi keng ko‘lamli ishlarga yuqori baho berdilar.

Konferensiya ishida Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Qutbiddin Burxonov, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Ashita Mittal, Qozog‘iston Respublikasi IIV Qustanoy akademiyasi boshlig‘i Nurlan Biyekenov, O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari Botir Parpiyev, Bosh prokuratura akademiyasi boshlig‘i Yevgeniy Kolenko, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi direktori Hojimurod Isoqovlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.

Ichki ishlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirish, global xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni muvofiqlashtirish, bu borada o‘zaro faol tajriba almashish va ilg‘or yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha konseptual taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqildi.

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech