Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

HUQUQNI MUHOFAZA QILISH AKADEMIYASIDA XALQARO ANJUMAN BO‘LIB O‘TDI

22 Noyabr 2024, 08:11

229

Poytaxtimizda “Huquqni muhofaza qilish faoliyati sohasidagi global chaqiriqlar va tahdidlar: zamonaviy strategiya va yechimlar” mavzuiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil qilindi.

Davlat organlari, diplomatik korpuslar va xalqaro tashkilotlar vakillari, soha mutaxassislari, xorijiy va mahalliy ekspertlar ishtirok etgan anjumanda huquqni muhofaza qilish sohasida kadrlar tayyorlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Tadbir ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari S. Ortiqova, Oliy sud raisi o‘rinbosari O. Ismoilov, BMTning mamlakatimizdagi doimiy koordinatori S. Mahl, YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori A. Karttunen, AQSh elchisi J. Xenik va boshqalar so‘z oldi. Hozirgi global sharoitda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, zamonaviy tahdidlar va chaqiriqlarni inobatga olgan holda huquqni muhofaza qilish faoliyatini takomillashtirish, turli formatlarda xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.

Konferensiya yalpi majlisida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Y. Kolenko, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i R. Xatamov, Belarus Respublikasi Tergov qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari O. Shandarovich, Qozog‘iston Huquqni muhofaza qilish organlari akademiyasi rektori M. Seksembaev va boshqalar chiqish qildi. Huquqni muhofaza qilish sohasida kadrlar tayyorlashning bugungi holati va istiqbollari, bu borada xorijiy va milliy tajribaning o‘ziga xos jihatlari, integratsiyalashuv sharoitida ta’limning zamonaviy tendensiyalari va ilg‘or yondashuvlari xususida fikr-mulohazalar bildirildi.

Konferensiya “Huquqni muhofaza qilish sohasida fan va ta’lim, sun’iy intellektni qo‘llashning dolzarb masalalari”, “Tergov faoliyatini tashkil etishga yangicha yondashuvlar: raqamli kriminalistikaning roli”, “Korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish: zamonaviy muammolar va tendensiyalar”, “Odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilish ustidan prokuror nazorati samaradorligini oshirish masalalari” mavzularida tashkil etilgan sessiyalarda davom ettirildi. Ishtirokchilar xalqaro tashkilotlar, shuningdek, Fransiya, Polsha, Shvetsiya, Malayziya va MDH davlatlari oliy ta’lim muassasalari ekspertlarining ma’ruzalari, konferensiya maqsadlariga qaratilgan taklif va tavsiyalarini tingladilar.

Xalqaro anjumanda IIV akademiyasi professor-o‘qituvchilari va kursantlari ham faol qatnashdilar.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech