Jinoyatchilikni jilovlashning yangicha tizim asosida tashkil etilayotgani mahallalarda xavfsiz muhit yaratishda muhim omil bo‘lmoqda.
Bu boradagi chora-tadbirlar davlatimiz rahbarining mahallalarda xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish natijadorligini oshirishga qaratilgan qarorlari asosida amalga oshirilmoqda.
Aytish joizki, respublikamizning kriminogen vaziyati murakkab hududlari qatoriga Buxoro shahridagi “Sadriddin Ayniy”, “Ahmad Donish”, “Shayx-ul Olam”, “Nizomiy Ganjaviy” hamda G‘ijduvon tumanidagi “Pomo‘za” mahallalari ham kiritilgan. Hozirda IIV akademiyasi professor-o‘qituvchilari tomonidan mazkur mahallalarda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Joylarga chiqilganda har bir huquqbuzarlikning sabab va sharoitlari ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganilib, “mahalla yettiligi” vakillari bilan birgalikda kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni aniqlash, ularni bartaraf etish, hududlarda jinoyatchilikni jilovlash, tizim natijadorligini yanada oshirish choralari ko‘rilmoqda.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati fakulteti boshlig‘i, ishchi guruh rahbari, podpolkovnik Sanjar Sharipovning aytishicha, mahallalarda so‘nggi besh yilda qayd etilgan jinoyatlarning geoinformatsion xaritasi shakllantirildi. “Jinoyat o‘choq”larida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha tegishli idora va tashkilotlarga takliflar kiritildi. Shu asosida hududlarga 58 ta tashvish tugmasi, 57 ta zamonaviy kamera o‘rnatilib, 20 dan ortiq obyekt texnik qo‘riqlovga olindi, shuningdek ijtimoiy profilaktika obyektlari bilan amalga oshiriladigan manzilli chora-tadbirlar belgilandi.
Ishchi guruh tomonidan “mahalla yettiligi”ning ish tajribasi, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilib, bu borada sayyor mashg‘ulotlar o‘tkazib kelinmoqda. Ularning faoliyati monitoring qilinib, mahallalarga metodik yordam ko‘rsatilmoqda.
Shu o‘rinda, hamjihatlikda olib borilayotgan o‘rganishlar ijobiy natija ko‘rsatib, avgust–sentyabr oylari davomida mazkur mahallalarda oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar sodir etilmaganini alohida qayd etish joiz. Aslida, faoliyatdan ko‘zlangan maqsad ham shu.
IIV akademiyasi Axborot xizmati