IIV Akademiyasida o‘tkazilgan davra suhbatida huquqbuzarlik sodir etishga moyil shaxslar bilan ishlash faoliyatining muhim jihatlari yuzasidan fikr almashildi.
Tadbirni kafedra boshlig‘i, polkovnik To‘lqin Mamatqulov ochib, tizimdagi izchil islohotlar, birinchi navbatda, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikni jilovlashga qaratilgani, amaliyotga joriy qilingan samarali mexanizmlar bu borada muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Davra suhbatida Yunusobod tumani IIO FMB profilaktika katta inspektori, kapitan A. Shodiyev, Huquqbuzarliklar profilaktikasi va kriminologiya kafedrasi o‘qituvchisi, podpolkovnik M. Tog‘ayeva va boshqalar so‘z olib, yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning asosiy omillari, bunga imkon berayotgan shart-sharoitlar, muqaddam sudlangan va huquqbuzarlik sodir etishga moyillar bilan ishlash, xususan, yakka tartibdagi profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirishning o‘ziga xos xususiyatlari, mahallani jinoyatdan xoli hududga aylantirishda “beshlik” vakillari bilan hamkorlikning dolzarb ahamiyati xususida to‘xtalib o‘tishdi.
Amaliyot xodimlari, professor-o‘qituvchi va tadqiqotchilar, kunduzgi ta’limning “huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” ixtisoslik yo‘nalishi kursantlari ishtirok etgan tadbirda sohadagi muammolarning amaliy yechimlariga qaratilgan takliflar bildirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati