IIV akademiyasi magistraturasida ta’lim olayotgan tinglovchilar Toshkent viloyatida bo‘lishdi.
Galdagi sayyor mashg‘ulotlarda Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Qo‘riqlash hamda Turizmda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmalari faoliyati o‘rganildi.
Ma’lumki, bugungi kunda ichki ishlar organlari tizimini raqamli transformatsiya qilishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu jamoat xavfsizligini ta’minlash va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bilan bir qatorda, soha faoliyatini tubdan takomillashtirishga xizmat qilmoqda.
Mashg‘ulotlar jarayonida tinglovchilar jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini qo‘riqlash, hududlarda jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, mavjud kuch va vositalarni samarali boshqarish ishlari, shuningdek xavfsiz turizmni ta’minlash maqsadida tashkil qilingan Tezkor boshqaruv markazi imkoniyatlari bilan tanishdilar.
Bo‘stonliq tumani IIBda yo‘lga qo‘yilgan ijobiy tajribalarni o‘rganish chog‘ida tinglovchilarga yurtdoshlarimiz va xorijiy sayyohlar xavfsizligi yo‘lida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati