Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Har bir muammoning yechimi bor

18 Aprel 2026, 17:04

47

Mahallalarda xavfsiz muhit yaratish borasida Toshkent viloyatining Zangiota tumanida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bunda aholi bilan manzilli ishlash, kriminogen omillarni bartaraf etish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish orqali jinoyatchilikni keskin kamaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada IIV akademiyasi ishchi guruhi tomonidan jinoyatchilik omillarining ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa aholi bilan doimiy muloqotning yo‘lga qo‘yilgani ularni qiynayotgan muammolarni manzilli hal qilish imkonini bermoqda.

Shu o‘rinda aholini ish bilan ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan mehnat yarmarkasini aytib o‘tish joiz. Bandlikka ko‘maklashuvchi tashkilotlar bilan birgalikda tashkil qilingan yarmarkaga mahallalardan doimiy ish o‘rniga ega bo‘lmagan 300 nafarga yaqin fuqarolar taklif etildi. Ularga qurilish, sanoat, xizmat ko‘rsatish va mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan boshqa sohalar bo‘yicha ish taklif qilindi.

Yarmarka ishtirokchilari 20 ga yaqin korxona va tashkilotlar taklif etgan bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishish, o‘zlariga mos faoliyat turini tanlash, mutaxassislardan zarur maslahat va huquqiy tavsiyalar olish imkoniga ega bo‘ldi.

Ishchi guruh vakillarining aytishicha, xavfsiz muhitni shakllantirishga qaratilgan izchil davom ettirilmoqda. Shu kungacha hududlarga 732 ta zamonaviy kamera, ko‘p qavatli uylarning kirish-chiqish joylariga 103 ta tashvish tugmasi o‘rnatildi. 258 ta tur xildagi obyekt, 362 ta uy texnik qo‘riqlovga olindi.

“Obod mahalla” elektron tizimi yaratilib, aholi o‘rtasida muntazam ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazish va ularning muammolarini o‘rganib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Mahallalarda noqonuniy yashayotgan 10 mingdan ziyod shaxs aniqlanib, vaqtincha ro‘yxatga olinishi ta’minlandi. 2200 nafarga yaqin ijtimoiy profilaktika obyektlarining muammolari hal etilib, 15 nafar shaxs sog‘lom turmush tarziga qaytarildi. 182 nafar xotin-qizga himoya orderlari berildi.

Bundan tashqari, umumta’lim maktablari atrofiga 10 ta piyodalar xavfsiz yo‘lagi tashkil qilindi. Yo‘llarga qo‘shimcha 160 ta belgi o‘rnatilib, yaroqsizlari yangilariga almashtirildi. Joylarda o‘tkazilgan huquqiy targ‘ibot tadbirlari davomida 7487 nafar fuqaroning uyali aloqa vositasiga “Mening inspektorim” mobil ilovasi o‘rnatildi.

Hozirda “yo‘l xarita”larda belgilangan chora-tadbirlar ijrosi ta’minlab kelinmoqda. Bu boradagi ishlar “mahalla yettiligi” tizimi xodimlari bilan hamjihatlikda tashkil etilmoqda.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech