Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Hamkorlikni yanada rivojlantirishga ishonch bildirildi

01 Fevral 2024, 10:02

837

Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga Turkiya Respublikasi elchixonasining ichki ishlar masalalari bo‘yicha maslahatchilari Semih Okyar va Murat Karausta tashrif buyurdi.

Mehmonlarning akademiya faoliyati bilan tanishuvi axborot-resurs markazidan boshlandi. Ma’rifat maskanining o‘ziga xos qiyofasi, innovatsion imkoniyatlari, manbalar fondi, ayniqsa buyuk sarkarda bobolarimiz sharafiga barpo etilgan majmualar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Semih Okyar jahon sivilizatsiya rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimizning boy merosini o‘rganish va yosh avlodga yetkazish yo‘lidagi ezgu ishlarga yuqori baho berdi.

Shundan so‘ng turkiyalik mutaxassislar zamonaviy infratuzilma ob’ektlarini ko‘zdan kechirdilar. Mehmonlarga bakalavriat va magistratura bosqichida yo‘lga qo‘yilgan ilg‘or yondashuvlar, o‘quv dargohining ilmiy salohiyati, xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli tadbirlar hamda istiqboldagi loyihalar haqida ma’lumot berildi. 

Tashrif davomida ikki tomonlama hamkorlikni faol rivojlantirishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov mehmonlarni qutlar ekan, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi aloqalar har jabhada yuksalib borayotganini alohida ta’kidladi.

– Turkiy tilda so‘zlashuvchi xalqlarimiz munosabatida yangi davr boshlanganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Bunga, avvalo, ikki mamlakat rahbarlarining  do‘stona munosabati, qat’iy irodasi va uzoqni ko‘zlagan oqilona siyosati tufayli erishildi, – dedi u.

Semih Okyar so‘z olib, ildizlari mushtarak xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik rishtalarni yuksak darajada qadrlashini bildirdi.

– O‘zbekistondagi yangilanishlarni doim mamnuniyat va g‘urur bilan qabul qilaman. Hamkorlikning bugungi bosqichi barchamizni xursand qilmoqda. Samimiy ruhda o‘tayotgan uchrashuvimiz kelgusidagi ustuvor masalalarni amalga oshirishga yo‘l ochishi, shubhasiz. Shuni alohida ta’kidlashni istardim, qardosh do‘stlarimiz uchun muloqot va hamkorlikka hamisha tayyormiz, – dedi Semih Okyar. 

O‘z navbatida, Murat Karausta ikki mamlakatning turdosh oliy ta’lim muassasalari hamkorligini faol rivojlantirishdan mamnun ekanini ta’kidladi.

Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda asosiy e’tibor ta’lim sohasidagi hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitish, manfaatli yo‘nalishlarda tajriba almashinuvini kengaytirish, bu borada barcha imkoniyatlardan oqilona foydalanish, ikki mamlakat yoshlari uchun istibolli dasturlarni tatbiq etish, hamkorlik bitimlarida nazarda tutilgan tadbirlarni izchillik bilan amalga oshirish masalalariga qaratildi. Faol fikr almashinuvidan so‘ng tomonlar munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga ishonch bildirdilar.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech