31-avgust kuni Osiyo politsiya ta’lim muassasalari assotsiatsiyasi Bosh assambleyasining oltinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Koreya milliy politsiya universiteti tashabbusi bilan onlayn formatda o‘tkazilgan yig‘ilishda tashkilotga a’zo mamlakatlar va hamkor davlatlarning 20 dan ortiq turdosh oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilish avvalida tashkilot prezidenti Song Yong Aye so‘z olib, global tahdidlar kuchayib borayotgan sharoitda o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi kurashishning o‘ziga xos yondashuvlari bo‘yicha ko‘p qirrali tajriba almashinuvini faollashtirish masalalari xususida to‘xtaldi.
Ishtirokchilar aloqalar formati va yo‘nalishini kengaytirish zamonaviy ta’limning ilg‘or yondashuvlari uchun keng imkoniyatlar yaratishini alohida ta’kidladilar.
Yig‘ilishda kun tartibidagi asosiy masalalar, jumladan, yangi a’zolarni qabul qilish, Osiyo politsiya o‘quv muassasalari assotsiatsiyasi prezidenti va o‘rinbosarini saylash hamda assotsiatsiyaning 2023-yilda bo‘lib o‘tadigan yettinchi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi. Ovoz berish yakunlaridan so‘ng O‘zbekiston Jamoat xavfsizligi universiteti va Qatar politsiya kolleji tashkilot a’zoligiga qabul qilindi. Assotsiatsiya prezidenti lavozimiga Koreya milliy politsiya universiteti prezidenti Song Yong Аye nomzodi bir ovozdan ma’qullandi.
Assotsiatsiyaning kelgusi yil 23–27-avgust kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan yettinchi yig‘ilishiga esa Mongoliya Ichki ishlar universiteti mezbonlik qiladigan bo‘ldi. Ishtirokchilar ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish zarurligini ta’kidlab, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishga kelishib oldilar.
Onlayn muloqot chog‘ida Ichki ishlar vazirligi akademiyasi hamda Osiyo politsiya ta’lim muassasalari assotsiatsiyasi o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar manfaatli aloqalarni rivojlantirish, dolzarb mavzularda xalqaro anjumanlar tashkil qilish borasida istiqbolli hamkorlikning muhim tamoyillarini belgilab oldilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati