Ichki ishlar organlari tizimidagi katta avlod vakillari mustaqillikning ilk davrlarini alohida eslashadi. O‘sha yillari turli radikal kuchlar tinch-osuda hayotimizga katta tahdid solardi.
Dinni niqob qilgan aqidaparastlarga qarshi kurashish oson kechgani yo‘q. Yurtimizni nopok niyatli kimsalardan himoya qilish yo‘lida qanchadan-qancha jasur o‘g‘lonlarimiz, shu jumladan, ichki ishlar xodimlari qurbon bo‘ldi...
Iste’fodagi polkovnik Abror Ibragimov IIV akademiyasi magistraturasi tinglovchilari bilan o‘tgan uchrashuvda tahlikali davrlarni xotirlar ekan, soha xodimlari har qanday sharoitda zimmalaridagi burchni matonat bilan o‘taganlarini ta’kidlab o‘tdi.
– O‘ylab qarasam, o‘sha voqealar mustaqil davlatimiz uchun sinov bo‘lgan ekan. Har kuni qo‘limizda qurol bilan jangovar shay turardik. Shaxsiy tarkib orasida tajribali xodimlar bilan birga, yosh xodimlar ham ko‘p edi. Birgina puxta o‘ylamasdan berilgan topshiriq qaysidir xodimning hayotiga zomin bo‘lishini his qilib turardim. Buni qarangki, halovating bo‘lmasa, bir burda noning ham tatimas ekan. Albatta, safimizdan erta ayrilgan jasur hamkasblarimiz ham bo‘ldi, lekin shukrki u kunlar ortda qoldi, – dedi Abror Ibragimov.
Uchrashuvda tinglovchilarga zarur maslahatlar berildi. Har bir rahbar xodim shaxsiy javobgarlik va mas’uliyat bilan ishlashi, jamoani boshqarish, kuch va vositalarni yo‘naltirishga omilkorlik bilan yondashishi, qaror qabul qilishda adashmasligi, eng muhimi, yosh kadrlarning kasbga sadoqat, fidoyilik, vatanparvarlik, yurtga daxldorlik fazilatlarini yuksaltirib borishi zarurligi aytib o‘tildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati