Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Hafsalasi pir bo‘lgan “tank”chilar, bronza uchun intriga davom etadi

13 Iyun 2023, 06:06

909

Harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazilayotgan futbol musobaqasida sovrinli o‘rin egalari deyarli ma’lum bo‘lib ulgurdi.

Kecha musobaqaning 4-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Markaziy uchrashuv IIV Akademiyasi va Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti futbolchilari o‘rtasida kechdi. Mazkur uchrashuv muxlislar tomonidan “final oldidan final” deya baholanayotgan edi. Boisi, har ikki jamoaning ochkolari teng, faqat to‘plar nisbatiga ko‘ra IIV Akademiyasi jadvalda peshqadam bo‘lib turgandi.

Uchrashuv shiddatli ruhda o‘tdi. Birinchi bo‘lim mezbonlarning kombinatsion hujumlari, raqib jamoa vakillarining qo‘pol o‘yinlari bilan yodda qoldi. To‘liq imkoniyat bilan to‘p tepgan futbolchilarimiz taymni 1:0 hisobidagi g‘alaba bilan tugatdilar. Ikkinchi taymda “tank”chilar bosh murabbiyi tomonidan bir qator taktik o‘zgartirishlar amalga oshirildi. Natijada jamoamiz jarima maydoni atrofida xavfli vaziyatlar yuzaga kela boshladi.

Biroq himoyadagi tartibli o‘yin, maydon markazidagi ustunlik va tezkor qarshi hujumlar oxir-oqibat o‘z samarasini ko‘rsatdi. Mohir goleadorimiz Xayrulla Azimxo‘jayevning zarbasi o‘yindagi hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi. Mazkur golning raqiblarimiz havsalasini pir qilgani o‘yin shiddatiga ham ta’sir qilmay qolmadi. Ikki vaziyatda futbolchilarimiz zarbasi to‘singa tekkan bo‘lsa, yana bir vaziyatda raqib posboni o‘z jamoasi joniga oro kirdi. Asabiy ruhda kechgan o‘yin oxiriga qadar hisob boshqa o‘zgarmadi.

 Turning ikkinchi bahsida Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi futbolchilari Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasiga qarshi maydonga tushdi. Uchrashuvda Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi jamoasi muhim g‘alabani qo‘lga kiritib, ochkolari sonini 6 taga yetkazdi. Nihoyat, so‘nggi bahsda Jamoat xavfsizligi universiteti va Bojxona instituti jamoalari kuch sinashdi. Gollarga boy o‘tgan o‘yin Jamoat xavfsizligi universiteti futbolchilarining 5:2 hisobidagi muvaffaqiyati bilan yakun topdi.

Ertaga turnirning so‘nggi uchta o‘yini va musobaqa sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech