Keyingi yillarda O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi aloqalar manfaatli sohalarda izchil rivojlanib bormoqda.
Gruziya ichki ishlar vaziri Gela Geladze boshchiligidagi mehmonlar yurtimizga tashrifi chog‘ida Ichki ishlar vazirligi akademiyasida bo‘ldi.
Delegatsiya a’zolari dastlab akademiyaning zamonaviy infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdilar. Mehmonlarga ta’lim jarayonidagi innovatsion yondashuvlar, mutaxassislik yo‘nalishlari, nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash, jinoyatchilik omillarini o‘rganish, ilmiy salohiyatni oshirishga qaratilgan mexanizmlar, professor-o‘qituvchilar va kursantlar uchun yaratilgan sharoitlar, akademiyaning xalqaro hamkorlik aloqalari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari ishtirokida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Akademiya rahbari Rustam Xatamov mehmonlarni qutlab, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro ishonch, hurmat va azaliy do‘stlik ruhida mustamkamlanib borayotganini ta’kidladi.
O‘z navbatida, Gela Geladze O‘zbekistonning faol va ochiq tashqi siyosatini, mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida erishilayotgan natijalarni alohida e’tirof etdi.
Shu bilan birga, akademiya faoliyati bilan tanishuv jarayonida ijobiy jihatlarga guvoh bo‘lganini qayd etib o‘tdi. O‘quv dargohining zamonaviy moddiy-texnik bazasi, o‘qitishning o‘ziga xos yondashuvlari, ta’lim sifatini oshirishga qaratilayotgan e’tibor tizim uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qilishini ta’kidlab, keyingi yillarda amalga oshirilgan yangilanishlarga yuqori baho berdi.
Muloqot chog‘ida ikki davlat turdosh ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, dolzarb mavzularda qo‘shma o‘quv kurslari va treninglar tashkil etish, mavjud salohiyatdan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar hamkorlikni faol tarzda rivojlantirishga, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishga, manfaatli aloqalarni huquqiy va amaliy jihatdan mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Delegatsiya a’zolarining mamlakatimizga tashrifi davom etmoqda.
IIV akademiyasi Axborot xizmati