Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

GLOBAL XAVFSIZLIK VA KO‘P QIRRALI HAMKORLIK MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

21 Iyun 2025, 08:06

28

20-iyun kuni Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida Xalqaro politsiya akademiyalari assotsiatsiyasi (INTERPA) Ijroiya kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Ijroiya kengash a’zolari, shu jumladan, IIV akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov, tashkilotga qabul qilingan ta’lim muassasalari vakillari, xalqaro ekspert va mutaxassislar qatnashdi.

Yig‘ilishni Assotsiatsiya rahbari, Turkiya milliy politsiya akademiyasi prezidenti Murat Balchi ochib berdi.

Ishtirokchilar jahonda ro‘y berayotgan geosiyosiy o‘zgarishlar fonida global xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, tashkilotga a’zo ta’lim muassasalari o‘rtasida ishonchli va ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash, manfaatli aloqalarni kengaytirish, zamonaviy tahdidlar va mintaqaviy muammolarning maqbul yechimlarini ishlab chiqishga, bu borada ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada yuksaltirishga alohida e’tibor qaratdilar.

So‘zga chiqqanlar dunyoning turli burchaklarida ziddiyatlar avj olayotgan, terrorizm, ekstremizm, diniy radikalizm, giyohvand moddalar savdosi va boshqa transmilliy xavf-xatarlar ta’siri kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda muntazamlik kasb etgan muloqot formatini kengaytirish muhimligini qayd etdilar.

Yig‘ilishda INTERPAning ustuvor maqsad va tamoyillarini amalga oshirish yo‘lidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, o‘tgan davr mobaynida birgalikda erishilgan natijalar, kelgusidagi rejalar yuzasidan fikr almashildi. Shimoliy Makedoniya, Indoneziya, Saudiya Arabistoni, Qatar, Maldiv va boshqa davlatlar ta’lim muassasalari rahbarlarining chiqishlari tinglandi.

IIV akademiyasi boshlig‘i R. Xatamov o‘z nutqida INTERPA xalqaro nufuzga ega tashkilot sifatida hamkor ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro aloqalarni rivojlantirish va tajriba almashinuvini kuchaytirish yo‘lida samarali faoliyat yuritayotganini, tashkilot Ijroiya kengashi yig‘ilishlari va konferensiyalari huquqni qo‘llash amaliyotidagi eng dolzarb masalalarni qamrab olayotgani bilan muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida ta’kidladi. Bugungi globallashuv davrida huquqni muhofaza qiluvchi xodimlar va turdosh oliy ta’lim muassasalari ta’lim oluvchilarining kasbiy salohiyatini oshirib borish muhimligini qayd etdi.

Yig‘ilish davomida INTERPAning navbatdagi tadbirlari va hamkorlar o‘rtasida muhokama qilinadigan masalalar yuzasidan axborot berildi. Shu kuni Ijroiya kengash yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilindi. Tomonlar global masalalarda sa’y-harakatlarni birlashtirish, manfaatli kelishuvlarni hayotga tatbiq etish orqali mavjud imkoniyatlarni kengaytirish, ta’lim sohasida o‘zaro integratsiyani kuchaytirish, yangi loyihalarni hayotga tatbiq etishga kelishib oldilar.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi IIV akademiyasi vakillari 21-iyun kuni Mo‘g‘uliston harbiy va ichki ishlar tuzilmalari tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalarining bitiruv tadbirida qatnashdi. Tantanali marosimda INTERPA mehmonlari bilan birga, mamlakat hukumati a’zolari va davlat organlari rahbarlari ham ishtirok etdi.

Jamshid Xolov,

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech