Ichki ishlar vazirligi akademiyasi vakillari ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish maqsadida Xitoy Xalq Respublikasining Lyanyungan va Pekin shaharlarida bo‘ldi.
Xorij safari Lyanyungan shahrida tashkil etilgan ko‘rgazma bilan boshlandi. Ko‘rgazmada politsiya tizimidagi raqamli yondashuvlar, sun’iy intellekt texnologiyalari, uchuvchisiz uchish qurilmalari va boshqa eng so‘nggi texnologik yangiliklar namoyish qilindi. Mahalliy mutaxassislar bilan aqlli tizimlarning imkoniyatlari, ularni mamlakatimiz ichki ishlar organlariga joriy qilish istiqbollari, jamoat xavfsizligini ta’minlashda erishilayotgan natijalar haqida fikr almashildi.
Shu kunning o‘zida Jamoat xavfsizligi sohasida hamkorlik bo‘yicha global forum doirasida “Politsiya ta’limi sohasida halqaro hamkorlik” mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda Xitoy, O‘zbekiston, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Gonkong, Kambodja, Vyetnam va boshqa davlatlarning 50ga yaqin turdosh oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, 200dan ortiq ekspert, mutaxassis va xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi.
Anjumanni Xitoy jamoat xavfsizligi universiteti vitse-prezidenti Liu Donghua ochib, global sharoitda ko‘p tomonlama hamkorlikning bugungi holati va ustuvor yo‘nalishlariga to‘xtaldi. Xalqaro anjuman manfaatli aloqalarni kengaytirish orqali politsiya ta’limini modernizatsiya qilish, raqamli va sun’iy intellekt texnologiyalari asosida rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashinuvini kuchaytirish, kadrlar salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Konferensiyada IIV akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov “Ta’lim va texnologik innovatsiyalar: huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini tayyorlash sifati va samaradorligini oshirish” mavzuida nutq so‘zlab, globallashuv sharoitida yuzaga kelayotgan dolzarb muammolar va ularning yechimlariga e’tibor qaratdi. Jahondagi geosiyosiy o‘zgarishlar fonida xavfsizlik va barqarorlikka tahdid solayotgan yangi tahdidlar paydo bo‘layotgani, huquq-tartibot organlari faoliyatiga yangicha ish uslublarini joriy etish, soha uchun kadrlar tayyorlash jarayonlarini zamon talablari darajasida transformatsiya qilib borish dolzarb masalalardan biri ekanligini ta’kidladi. Bu borada O‘zbekiston ichki ishlar organlari tizimida yo‘lga qo‘yilgan tajribalar va akademiyadagi o‘qitishning zamonaviy yondashuvlariga to‘xtaldi.
Shu bilan birga, anjumanda Interpol global akademiyasi direktori Xorxe Faynshteyn Dey Gastril, Xitoy jamoat xavfsizligi vazirligi Siyosiy departamenti direktori Szi Liszyun, Naif arab xavfsizlik fanlari universiteti direktori Abdulmajid bin Abdulloh al-Banyan, Marokash qirollik politsiya instituti rahbari Xolid Zougari, Qirol Fahd nomidagi Saudiya Arabistoni xavfsizlik kolleji rahbari o‘rinbosari Naim bin Otaulloh al-Johaniy, shuningdek Efiopiya, Rossiya, Xitoy, Kambodja, Gonkong, Laos, Vyetnam davlatlari ta’lim muassasalari rahbarlari va boshqalar so‘zga chiqdi.
Politsiya ta’limi sohasida halqaro hamkorlikni kengaytirish, innovatsion yondashuvlarni ommalashtirish, ta’lim muassasalari o‘rtasida tajriba almashinuvini kuchaytirish, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish yuzasidan muhim taklif hamda tashabbuslar ilgari surildi.
Xorij safari davomida vakillarimiz poytaxtdagi Xaydyan tuman jamoat xavfsizligi organlarining ishlarni ko‘rib chiqish va tergov qilish markazi, shuningdek Jamoat xavfsizligi universitetining Axborot va tarmoq xavfsizligi instituti hamda Politsiya taktik tayyorgarligi o‘quv markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Mahalliy mutaxassislar tomonidan markazning zamonaviy imkoniyatlari, politsiya tuzilmalari uchun kadrlar tayyorlash tizimi, o‘qitish texnologiyalari, simulyatsion mashg‘ulotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Aytish joizki, xalqaro forum doirasida delegatsiyalar o‘rtasida uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi. IIV akademiyasi boshlig‘i R. Xatamov Xitoy jamoat xavfsizligi universiteti prezidenti Van I, shuningdek Interpol global akademiyasi hamda Gonkong politsiya kolleji rahbarlari bilan muloqot qilib, ikki tomonlama hamkorlik aloqalari istiqbollarini muhokama qildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati