IIV akademiyasida kursantlarning kasbga sadoqati va vatanparvarlik ruhini yuksaltirishga qaratilgan “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ichki ishlar organlari tizimidagi yangilanishlar, xalq manfaatlariga xizmat qilishning o‘ziga xos mas’uliyati, soha xodimlariga sharaf keltiradigan fazilatlar haqida fikr almashildi.
Iste’fodagi general-mayor Tohir Mullajonov islohotlarning mohiyatiga to‘xtalib, keyingi sakkiz yil ichida ro‘y bergan ijobiy o‘zgarishlarni e’tirof etdi. Inson qadri ulug‘langan yurtimizda soha faoliyati yangicha mazmun kasb etayotgani, ichki ishlar organlari xalqimiz bilan yaqin hamkorlikda ishlaydigan xalqchil tuzilmaga aylanib borayotgani qayd etildi.
“Shuncha yillar davomida ozmi-ko‘pmi tajriba to‘pladim. Ustoz sifatida aytishim mumkinki, avvalo har biringiz fidoyi bo‘lishingiz kerak. Bu xislat bilim olishingiz, kasb mashaqqatlarini yengib, Vatanga sidqidildan xizmat qilishingizga katta yordam beradi. Insonga obro‘ keltiradigan yana bir fazilat kamtarinlikdir. Chinakam xalqparvar ichki ishlar xodimi bo‘lishni maqsad qilgan ekansiz, bilim salohiyatingiz bilan birga, kasbiy madaniyatingizni ham shakllantirib boring”, – dedi faxriy ustoz.
Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda o‘quv muassasasida yaratilayotgan ulkan sharoitlar, ta’lim-tarbiya jarayonlarini takomillashtirishga qaratilgan tadbirlardan ko‘zlangan ustuvor maqsadlar tushuntirib o‘tildi. Kursantlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati