O‘tganlarni xotirlash, yoshi ulug‘larni qadrlash, atrofdagilarga mehr-oqibat ko‘rsatish xalqimizga xos fazilat.
Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi akademiyasi rahbariyati va professor-o‘qituvchilari ustozlari hamda hayotdan erta ko‘z yumgan hamkasblarining oila a’zolari holidan xabar oldilar.
Faxriylar bilan uchrashuv chog‘ida ularning ichki ishlar organlari tizimidagi samarali mehnat faoliyati, ta’lim maskani rivojiga qo‘shgan hissasi, yosh kadrlarni tarbiyalashdagi jonbozligi, insoniy fazilatlari, ibratga to‘la umr yo‘llari e’tirof etildi. Xonadon egalariga akademiya rahbariyatining ezgu tilaklari yetkazilib, bayram sovg‘alari topshirildi.
Aytish kerakki, samimiy yo‘qlovdan Anvar Devyatov, Omonilla Asatxodjayev, Polvonnazar Bardiyev, Lyudmila Chudayeva, Tatyana Kirsanova, Nina Proxorova hamda boshqalarning ko‘ngli tog‘day ko‘tarildi. Ayniqsa marhum Ahmadjon Otamurodovning volidayi muhtaramasi farzandini xotirlab kelgan safdoshlari haqqiga duolar qildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati