Xalqimiz azal-azaldan ustozlarning mashaqqatli mehnati, ibratli umr yo‘liga yuksak ehtirom bilan qaraydi. Chunki inson kamoloti, jamiyat ravnaqida ularning beqiyos xizmatlari bor.
O‘qituvchi va murabbiylar bayrami munosabati bilan IIV akademiyasida faoliyat yuritayotgan xodimlar faxriy ustozlari holidan xabar olishdi.
Mo‘tabar ustozlar xonadonida, bir piyola choy ustida o‘tgan uchrashuvlarda soha fidoyilarining ko‘p yillik mehnatlari, ibratga arzigulik fazilatlari, bugungi avlodlar uchun dasturulamal bo‘lib xizmat qiladigan boy hayotiy tajribalari e’tirof qilinib, ularga minnatdorlik bildirildi.
Shogirdlar yo‘qlovidan shodlangan faxriylar yurtimizda har bir insonga qaratilayotgan yuksak e’tibor, obodlik va farovonlik yo‘lida qilinayotgan xayrli ishlar, ta’lim sohasidagi keng ko‘lamli islohotlar, ayniqsa o‘qituvchi va murabbiylarga ko‘rsatilayotgan ulkan ehtiromni mamnuniyat bilan qayd etib o‘tishdi.
Aytish joizki, bayram bahonasida iste’fodagi polkovniklar Ibrohimjon Mahmudov, Nuryigit Butunboyev, Temur Saitbayev, Yevgeniy Pak, iste’fodagi podpolkovniklar Ma’mura Po‘latova, Oleg Zapevalov, Sardor Razzoqov, Baxtiyor Zokirov va boshqa faxriylarning holidan xabar olinib, ularga akademiya rahbariyatining samimiy tilaklari yetkazildi.
Binobarin, ustozlarni e’zozlash xalqimizga xos qadriyat bo‘lib, bunday tadbirlar ma’naviy hayotimizda, yoshlar ta’lim-tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etishi, shubhasiz.
IIV akademiyasi Axborot xizmati