IIV O‘quv-dala markazida yurtimiz dovrug‘ini yuksaklarga ko‘targan nomdor sportchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirga Osiyo va jahon arenalarini zabt etgan vakillarimizdan Rustam Saidov, Qudratillo Abduqahhorov, Doniyorjon Ahmedov, G‘ayrat Matkarimov, Dilshod Choriyev va Abdulhamid Mirzayevlar taklif qilindi.
Qiziqarli uchrashuv davomida ular sportdagi ilk qadamlari, ustozlaridan olgan saboqlari, kuchli iroda, ishtiyoq va mehnat ortidan erishgan natijalari, chempionlik sirlari haqida so‘zlab berdilar. Ko‘p yillik faoliyatlari va boy tajribalari misolida kursantlarga o‘z tavsiyalarini ulashdilar.
– Sportda g‘alaba va mag‘lubiyat doim yonma-yon yuradi. Eng muhim jihat mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarishdir. Buning uchun har bir insonga qat’iyat, kuchli intizom, o‘z ustida ishlash va maqsaddan chekismalik kabi fazilatlar kerak. Menda qobiliyat va iste’dod yo‘q degan kishi hech bir sohada yutuqqa erisha olmaydi, – dedi mashhur bokschi, Sidneyda o‘tgan olimpiya o‘yinlari sovrindori, “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni sohibi Rustam Saidov.
Tadbirda kursantlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Ichki ishlar organlari safida xizmat qilishni maqsad qilgan yoshlar kasbiga har tomonlama loyiq bo‘lishi uchun bilimi, jangovar-jismoniy tayyorgarligi va ma’naviy-axloqiy fazilatlarini hozirdanoq o‘stirib borishi, albatta sport bilan muntazam shug‘ullanishi lozimligi ta’kidlandi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati