Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida ulug‘ bobomiz, mutafakkir shoir Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi keng nishonlandi.
Adabiy-ma’rifiy tadbirda adabiyotshunos olimlar, ijodkorlar, turli soha vakillari, talaba yoshlar, shu jumladan, Ichki ishlar vazirligi akademiyasida ta’lim olayotgan kursantlar ishtirok etdi.
So‘z olganlar Navoiyning hayot yo‘li, serqirra ijodi, kelgusi avlodlar uchun qoldirgan boy adabiy-mlmiy merosi, shoir asarlarining yuksak ma’naviy qimmati va bugungi kundagi ahamiyati, buyuk ajdodimiz ijodini o‘rganish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarga to‘xtalib o‘tishdi.
Hazrat Navoiy asarlariga yo‘g‘rilgan umumbashariy g‘oyalar insoniyatni komillikka undab kelayotgani, mutafakkirning xalq ravnaqi yo‘lida qilgan ezgu amallari bugungi avlodlar uchun ibrat ekanligi ta’kidlandi.
Tadbir davomida shoir g‘azallaridan namunalar, mumtoz qo‘shiqlar ijro qilindi. Navoiyga ulkan ehtirom ramzi sifatida shoir haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati