9–11-noyabr kunlari Ichki ishlar vazirligi akademiyasida BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi (UNODC)ning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi ko‘magi bilan seminar-trening tashkil etildi.
Seminar-trening huquqni qo‘llash amaliyotida inson huquqlarining samarali yondashuvlarini tatbiq etish, xotin-qizlarni turli tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish, jamiyatda gender tengligini ta’minlash, bu borada xalqaro tajribaning ilg‘or jihatlari bo‘yicha muloqot muhitini yo‘lga qo‘yish maqsadida o‘tkazildi.
Xalqaro ekspertlar, ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari ishtirok etgan mashg‘ulotlarni BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi (UNODC)ning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi vakili Ashita Mittal hamda IIV Akademiyasi rahbari Rustam Xatamov ochdi.
Ashita Mittal xonim O‘zbekistonning gender siyosati bo‘yicha olib borayotgan amaliy chora-tadbirlari xalqaro standartlarga to‘liq mos kelishini e’tirof etgan holda mazkur yo‘nalishda 2 ta qonun hamda 2030-yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilinganini alohida ta’kidladi. Hamkorlikda o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar ichki ishlar organlarining xotin-qizlar bilan ishlash, ularni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish yo‘nalishidagi faoliyatini takomillashtirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Uch kunlik seminar-trening davomida inson huquqlari va gender muvozanatni ta’minlash, qonuniy huquq va erkinliklardan foydalanishda jins bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, ularning manfaatini himoya qilishning qonunchilik va institutsional negizini mustahkamlash, jamiyatda huquq ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladigan mexanizmlarni takomillashtirish, mazkur sohada O‘zbekiston tajribasida yaratilgan namunaviy tizimning o‘ziga xos jihatlari yuzasidan fikr almashildi.
Xorijlik ekspertlar Vendi O'Brayen, Melissa Jardin va Sergey Sidorov tomonidan “Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan gender tenglik masalalarini ta’minlash”, “Gender tengligi tamoyili asosida hayotning barcha sohalarida erkaklar va ayollar uchun teng ijtimoiy imkoniyatlarni yaratish”, “Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishning asosiy yo‘nalishlari”, “Kasbiy ta’lim jarayonida inson huquqlari va gender tengligi masalalariga yondashuvni samarali tatbiq qilish”, “Huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga moslashtirish”, “Sud-huquq tizimidagi islohotlarda gender tenglik masalalari” kabi dolzarb mavzularda treninglar olib borildi. BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga xizmat qiluvchi amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Tadbir yakunida seminar-trening ishtirokchilariga sertifikatlar topshirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati