Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Bitiruvchilar yurist malakasiga ega bo‘ldi

6 Iyun 2026, 20:26

101

Bugungi kunda huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlash tizimi zamonaviy talablar va ilg‘or yondashuvlar asosida tashkil etilmoqda.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida bo‘lib o‘tgan bitiruv tadbirida ta’lim muassasasini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga yurist malakasini beruvchi diplomlar topshirildi.

O‘quv dargohi rahbariyati, milliy gvardiya, bojxona va boshqa tuzilmalar vakillari, professor-o‘qituvchilar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida o‘tgan tadbir avvalida akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov so‘z oldi.

Hozirgi tahlikali davr huquqni muhofaza qiluvchi organlar oldiga murakkab vazifalarni qo‘yayotgani, zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish uchun soha xodimlari har jihatdan professional bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.

“Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar xalqimizning farovon hayotini ta’minlashga qaratilgan. Yurtimizni barqaror rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yuksaltirish uchun jamiyatimizda tinchlik-xotirjamlikni ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Akademiyadagi ta’lim kelgusidagi faoliyatingiz va yuqori maqsadlaringiz yo‘lida mustahkam tayanch bo‘lishi kerak. Vatanimiz xavfsizligini, aholi osoyishtaligini ta’minlash borasida samarali ishlarni amalga oshirish zarur. Zero, xalqimiz manfaatlariga xizmat qilish barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining oliy burchidir”, - dedi akademiya boshlig‘i.

Shundan so‘ng to‘rt yil mobaynida sirtqi ta’lim yo‘nalishida tahsil olgan bitiruvchilar tantanali ravishda diplomlarni qabul qilib oldi. Hamkor huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari so‘zga chiqib, muhtaram Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini e’tirof etgan holda bitiruvchilarga muvaffaqiyat tiladilar. 

Shu kuni o‘qish davomida ijobiy fazilatlari bilan safdoshlariga o‘rnak bo‘lgan tinglovchilarga akademiya boshlig‘ining faxriy yorliqlari topshirildi. Bitiruvchilar ona Vatanimiz oldidagi ishonchni yuksak sharaf va mas’uliyat bilan oqlashga va’da berdilar. 

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech