Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlash tizimi zamonaviy talablar asosida tashkil etilmoqda. O‘qitishning ilg‘or yondashuvlari, nazariya va amaliyot uyg‘unligiga qaratilgan yangicha mexanizmlar ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.
IIV Akademiyasida kursantlarning bitiruv marosimiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda ayni jihatlar alohida ta’kidlandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy Majlis Senati va boshqa davlat organlari vakillari, Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, turdosh oliy ta’lim muassasalari mutasaddilari, soha faxriylari, shuningdek Akademiya professor-o‘qituvchilari, bitiruvchilar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Saf maydoniga Akademiya jangovar bayrog‘i olib kirilgandan so‘ng o‘quv dargohi rahbari, polkovnik Rustam Xatamov barchani qizg‘in muborakbod etdi. Tadbir davomida kunduzgi ta’limni 7 ta ixtisoslik yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan 600 nafardan ortiq bitiruvchiga diplomlar topshirildi. Ular orasidan 24 nafar kursant imtiyozli diplom, yana 2 nafari “katta leytenant” maxsus unvoni bilan taqdirlandi.
Tadbirda Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Shavkat Rahmonov, Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov so‘z olib, muhtaram Prezidentimiz rahbarligida xalqparvar ijtimoiy davlat barpo etish, jamiyatda inson qadrini ulug‘lash va qonun ustuvorligini ta’minlashga yo‘naltirilgan izchil islohotlar, eng avvalo, ezgu maqsad bilan hayotga kirib kelayotgan yoshlardan ulkan mas’uliyat va salohiyat talab etishini ta’kidlab, sharafli xizmatga yo‘l olayotgan yosh xodimlarga muvaffaqiyat tiladilar.
– Biz, bitiruvchilar davlatimiz rahbarining “Odamlar ichki ishlar organlarining har bir xodimida o‘z himoyachisini ko‘rishi kerak” degan da’vatlarini doimo yodda tutib, ona Vatanimiz va xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilishga, professional jihatdan o‘sib, xalqparvar ichki ishlar organi xodimi sifatida buyuk ajdodlarimizga munosib izdosh bo‘lishga harakat qilamiz, – dedi safdoshlari nomidan minbarga ko‘tarilgan leytenant Sevdiyor Abdunazarov.
Ko‘tarinki ruhda o‘tgan tadbir barcha ota-onalar qatori Muhayyo Sodiqovaga ham unutilmas taassurotlar ulashdi. Uning farzandi Malika O‘rmonova ta’lim muassasasini “imtiyozli” diplom bilan tamomlab, sharafli yo‘l sari ilk qadamini tashladi. “Qizimning barkamol shaxs sifatida shakllanishida, erishgan ko‘plab yutuqlarida, matonatli xodim bo‘lib yetishishida bu dargohning o‘rni beqiyos. Men unga ta’lim bergan barcha ustozlariga minnatdorlik bildiraman. Ishonchim komilki, yoshlarimiz davlatimizning yuksak e’tibori va g‘amxo‘rligini his qilib, zimmalaridagi ulkan vazifani munosib oqlaydilar”, dedi u.
Tadbir ona yurtimizni madh etuvchi qo‘shiq hamda bitiruvchilarning tantanavor marshi bilan yakunlandi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati