Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Bilimli qizlar – ma’rifatli jamiyat degani

5 Sentyabr 2026, 18:16

64

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida yigitlar bilan bir safda kursant qizlar ham ta’lim oladi. Ularning har tomonlama barkamol shaxs bo‘lib shakllanishi doimiy e’tiborda.

IIV ShXBB ta’lim muassasalari bo‘yicha bo‘limi tashabbusi bilan o‘tkazilgan uchrashuv ichki ishlar organlari tizimida yosh kadrlarning o‘rni va ularga qo‘yilayotgan dolzarb talablarga bag‘ishlandi.

Tadbirda bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik Mirkomil Qarshiboyev so‘z olib, o‘quv dargohida kursantlarning ta’lim olishi, o‘z salohiyatini namoyon etishi, tanlagan kasbining yetuk malakali mutaxassisi bo‘lib yetishishi uchun yaratilgan imkoniyat va shart-sharoitlarga to‘xtalib o‘tdi.

Mamlakatimizda xotin-qizlar ta’limiga berilayotgan e’tibor samarasida akademiyada o‘qish istagida bo‘lgan qizlar safi yildan yilga ko‘payib borayotgani, o‘quv dargohini tamomlayotgan bitiruvchilar ichki ishlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimida samarali xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

– Muhtaram Prezidentimiz “bilimli qizlar – bilimli oila, bilimli avlod va ma’rifatli jamiyat degani”, deb aytib o‘tdilar. Chindan ham, mamlakatimizning ertangi kuni siz kabi yoshlarning ma’nan yetuk, jismonan sog‘lom, bilim va zakovatli avlod bo‘lib ulg‘ayishiga bog‘liq. Buning uchun imkoniyatlaringizdan unumli foydalanishingiz kerak, – dedi M. Qarshiboyev.

Tadbirda kursantlar o‘rtasida xizmat intizomini mustahkamlash, ularning kasbiy madaniyatini yuksaltirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, qizlarni turmushga tayyorlash masalalari yuzasidan fikr almashildi. Kursantlarga yangi o‘quv yilining dolzarb talablari yetkazilib, amaliy tavsiyalar berildi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech