Ayni kunlarda IIV Akademiyasida “Abituriyent – 2023” imtihonlari bo‘lib o‘tmoqda. Joriy yil 3 mingga yaqin nomzod ta’lim muassasasining kunduzgi ta’lim bakalavriatida o‘qish istagini bildirib hujjat topshirgan.
Kirish imtihonlari 2 bosqichda – maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbat tarzida amalga oshirilmoqda. Dastlabki bosqichda har bir nomzodning salomatlik holati, yozma nutqi va savodxonligi, xorijiy tillardan birini qay darajada o‘zlashtirgani hamda umumjismoniy tayyorgarligi sinovdan o‘tkazilmoqda. Yuqoridagi sinovlardan yetarli ballarni qo‘lga kiritgan nomzodlar esa huquqshunoslik, O‘zbekiston tarixi va tarbiya fanlaridan o‘tkazilayotgan yakka tartibdagi yakuniy suhbatga qo‘yilmoqda.
Aytish joizki, imtihon jarayonlarini shaffof o‘tkazish maqsadida nomzodlar uchun maxsus raqamlangan kartochkalar joriy qilingan. Ya’ni har bir nomzod imtihonni mazkur kartochka orqali topshiradi va uning shaxsiga doir ma’lumotlari oshkor qilinmaydi. Jarayon yakunida esa ular olgan ballar o‘qib eshittiriladi. Imtihonlar IIV sohaviy xizmatlari, yetakchi oliy ta’lim muassasalari mutaxassislari hamda Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan qabul qilinmoqda. Yana bir muhim jihati, tibbiy ko‘rikdan yakuniy suhbatgacha bo‘lgan barcha bosqichlar onlayn vaqt rejimida videotasvirga tushirilmoqda. Bu esa natijadan ko‘ngli to‘lmagan nomzodlarning murojaatlarini xolisona ko‘rib chiqishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, joriy o‘quv yilida Akademiyaning kunduzgi ta’lim bakalavriatiga 7 ta – “tezkor-qidiruv faoliyati”, “huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati”, “ekspert-kriminalistika faoliyati”, “jazoni ijro etish faoliyati”, “xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash”, “tashkiliy-shtab faoliyati” hamda “probatsiya faoliyati” ixtisoslik yo‘nalishlari bo‘yicha nomzodlar qabul qilinadi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati