Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Bahodir Jalolov: CHEMPION BO‘LISHGA VA’DA BERGANDIM VA BUNI UDDALADIM

04 Noyabr 2023, 06:11

986

IIV Akademiyasida ikki karra Jahon chempioni, Tokio olimpiadasi va Osiyo o‘yinlari g‘olibi, qit’amizning tengsiz bokschisi Bahodir Jalolov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Kursant yoshlar, professor-o‘qituvchilar, boks murabbiylari va ishqibozlari ishtirok etgan tadbirda dunyoni lol qoldirayotgan o‘zbek bahodiri o‘z hayoti, yutuqlari, orzu-havaslari, Osiyo o‘yinlaridagi zafarli odimlari bilan o‘rtoqlashdi.

– Bolaligimda futbolchi bo‘lishni orzu qilardim. Sportning boks turini tanlashimda otam sababchi bo‘lganlar. Ilk yutug‘imni qo‘lga kiritganimda ularning to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatganlariga amin bo‘lganman. Buning uchun otamdan minnatdorman. Ulkan maqsadlarni ko‘zlaganman va ularga birma-bir erishayapman. Muvaffaqiyatlarim zamirida davlatimiz tomonidan boksni rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor, shaxsan Prezidentimizning g‘amxo‘rligini doim his qilib turaman, – dedi Bahodir.

Mahoratli sportchi boks sir-asrorlari, mahoratni oshirib borish yo‘llari, ustoz va murabbiylaridan olgan saboqlari, ayniqsa yurt sha’nini himoya qilish mas’uliyati, jahon arenalarida ringga ko‘tarilganda qalbidan o‘tadigan kechinmalari haqida so‘zlab berdi.

– Har bir sportchi uchun o‘z Vatani sha’nidan ulug‘ narsa bo‘lmaydi, – dedi u. –  Musobaqalarda g‘alaba qozonib, bayrog‘imiz ko‘tarilganda qalbim cheksiz g‘urur va iftixorga to‘ladi. To‘g‘ri, faoliyatimda mag‘lubiyatga uchragan paytlarim ham bo‘lgan. Lekin bu hech qachon meni to‘xtata olmagan. Chunki ortimda xalqimiz, onam va yaqinlarim qo‘llab turganini bilaman. Uch yil oldin Akademiyaga kelganimda Tokio oltin medalini qo‘lga kiritishni va’da qilgandim va bunga erishdim. Endigi maqsadim professional boksda jahon chempioni bo‘lish va Parij olimpiadasida g‘olib bo‘lish.

Uchrashuv qiziqarli savol-javoblar bilan davom etdi. Eng faol kursantlar chempion dastxati tushirilgan sport anjomlariga sazovor bo‘ldi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati 

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech