O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali strategik hamkorlik jadal rivojlanmoqda. O‘zaro tajriba almashinuvida global tahdid va xatarlarga qarshi kurashish muhim o‘rin egallaydi.
Anqara shahridagi Turkiya politsiya akademiyasida tashkil etilgan malaka oshirish kurslari huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida qo‘llanilayotgan zamonaviy yondashuvlar bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
Besh kun davom etgan seminar-trening mashg‘ulotlarida O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari, magistratura tinglovchilari, Malaka oshirish instituti va hududiy ichki ishlar organlari xodimlari ishtirok etdi.
O‘quv yig‘inini politsiya akademiyasi rahbari janob Yilmaz Cholak ochib, hamkorlik munosabatlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollariga yuqori baho berdi. Ikki tomonlama kelishuv doirasida amaliyotga tatbiq etilayotgan yondashuvlar, ilg‘or tajribalar jamoat tartibini saqlash va jinoyatchilikka qarshi kurashishda muhim ahamiyat kasb etayotganini e’tirof etdi.
Mashg‘ulotlar politsiya akademiyasining tajribali olimlari tomonidan olib borildi. Bunda asosiy e’tibor soha xodimlarining boshqaruvchanlik fazilatlarini rivojlantirishga qaratildi. Xizmat paytida yuqori kasbiy va ma’naviy-axloqiy xislatlarni namoyon etish, boshqaruvchanlik qobiliyatini shakllantirish, nostandart vaziyatlarda oqilona yechim topish, kreativ fikrlash, xizmatga ma’suliyat bilan moslashish, turli ruhiy to‘siq va muammolarni yengib o‘tishni shakllantirish kabi faoliyat samaradorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillar tahlil qilindi. Shuningdek, seminar-trening ishtirokchilari uchun politsiya akademiyasi bo‘ylab sayohat tashkil qilindi.
O‘quv yig‘ini yakuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Turkiya politsiya akademiyasi rahbari janob Yilmaz Cholak, O‘zbekistonning Turkiyadagi diplomatik korpusi hamda ta’lim muassasasi vakillari ishtirok etdi. Tomonlar ichki ishlar organlari ta’lim tizimida aloqalarni yanada kengaytirish borasida hamfikr ekanliklari bayon qildilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati