Futbol bo‘yicha akademiya terma jamoasi a’zolari namanganlik yoshlar bilan uchrashdilar.
Ichki ishlar vazirligining Namangan viloyatidagi idoraviy akademik litseyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda o‘quvchilar va ularning ustozlari ishtirok etdi.
Jamoamiz a’zosi, podpolkovnik Umid Do‘stmurodov yurtimizda futbolni yanada ommalashtirish borasidagi ulkan ishlarni e’tirof etdi. So‘nggi yillarda yaratilgan zamonaviy sharoitlar tufayli akademiya kursantlari qator yutuqlar erishayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuvda iqtidorli kursantlar ham so‘z olib, akademiyada ta’lim olishning mas’uliyatli va sharafli jihatlari, sport bilan shug‘ullanishning inson salomatligi uchun ahamiyati haqida to‘xtaldilar.
* * *
Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudida “Sudya va kursantlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida akademiya kursantlari ochiq sud majlisida ishtirok etishdi. Shundan so‘ng sud-huquq tizimidagi islohotlar, xususan, “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati