Yoshlar – mamlakatimizda amalga oshilayotgan ulkan islohotlar tayanchi. Ularning munosib ta’lim olishi, iqtidorini to‘la namoyon etishi uchun yaratib berilayotgan ulkan imkoniyatlar o‘z mevasini ko‘rsatmoqda.
Har yili “Scientific Academy” ilm-ma’rifat markazi tomonidan “Ta’lim iftixori” xalqaro tanlovini o‘tkazib kelinadi. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar miqyosida o‘tkaziladigan tanlov yoshlarning ilm-fan sohasidagi yutuqlarini qo‘llab-quvvatlash, salohiyatini ro‘yobga chiqarish, faol tashabbus va g‘oyalarini rag‘batlantirishga qaratilgan.
Bu yilgi tanlovda 4 mingdan ortiq yoshlar qatnashdi. Kengashga taqdim qilingan ilmiy ishlar ikki bosqichda ko‘rib chiqilib, yakunda 427 nafar ishtirokchining ilmiy ishi saralab olindi. Ular orasida IIV Akademiyasi kursanti Sabina Kamolova ham bor. Iqtidorli kursantimizning “Ozodlikdan mahrum qilish jazosining o‘ziga xos xususiyatlari” mavzusidagi maqolasi munosiblar qatorida e’tirof qilindi.
6-avgust kuni Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Zamonaviy uzluksiz ta’lim sifatini oshirish: intellektual ta’lim-tarbiya, innovatsiya va istiqbollar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi doirasida tanlov g‘oliblariga “Ta’lim iftixori” esdalik ko‘krak nishoni, diplom va esdalik qimmatbaho sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati