IIV Akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
1992-yilning 10-dekabr sanasida "O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida"gi Qonun qabul qilindi. Erk qo‘shig‘i taʼlim muassasamizda har tong jaranglab, har bir so‘z, har bir satrdagi vatanparvarlik, tashabbuskorlik, ijodkorlik g‘oyalari xodimlar va kursantlarning dillariga g‘urur va iftixor baxsh etadi.
Ushbu sana munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Tarix fanlari doktori, professor Fayzulla Ernazarov, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi yakkaxon xonandasi “Maʼnaviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni sohibi Saidakbar Xolmatov hamda IIV akademiyasi Maʼmuriy-tashkiliy faoliyat fakulteti boshlig‘i, falsafa fanlari doktori, professor, polkovnik Sirojjon Berdiqulovlar so‘zga chiqdi.
Maʼruzachilar tomonidan madhiyamizda mardona va sharaflarga boy o‘tmishimiz, milliy anʼana va qadriyatlarimiz, tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik va birodarlik kabi umuminsoniy tuyg‘ular tarannum etilgani, yoshlarda Vatanga muhabbat, boy tariximizga, chuqur hurmatni shakllantirishda va albatta kelajak avlod vakillarini har tomonlama barkamol va yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishida muhim tarbiyaviy vosita bo‘lib xizmat qilishini taʼkidlandi.
Tadbir yakunida ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati