Yurtimizda buyuk ajdodimiz, o‘zbek adabiyotining yirik namoyandasi Alisher Navoiy tavalludiga bag‘ishlab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi shoir nomi bilan ataluvchi mahallada ham ushbu sana ko‘tarinki kayfiyatda nishonlandi. Tuman va mahalla faollari, yoshi ulug‘ nuroniylar hamda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kursantlari ishtirok etgan tadbirda hazrat Navoiyning barhayot siymosi yodga olindi.
– Alisher Navoiy bobomiz ham idodi, ham ibratli amallari bilan xalq farovonligi yo‘lida xizmat qilgan, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Bahodir Nazarov. – Uning asarlarini o‘qigan, mag‘zini chaqqan inson hayotda to‘g‘ri yo‘ldan adashmaydi. Bugungi avlodlar Navoiy ijodidan ko‘proq bahramand bo‘lishlari, uning komillik undovchi g‘oyalarini chuqurroq anglashlari lozim. Davlatimiz tomonidan shoir ijodini chuqur o‘rganishga qaratilayotgan ulkan ezgu ishlar zamirida ana shu maqsad mujassam.
Nazm va navo kechasiga ulanib ketgan tadbirda shoir g‘azallaridan parchalar o‘qildi. Mumtoz kuy-qo‘shiqlar yangradi. Ayniqsa iqtidorli kursantlar tomonidan ijro etilgan “Navoiy va Guli” monologi barchaga manzur bo‘ldi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati