Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov poytaxtimizning Yashnobod tumanida xavfsiz muhitni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rgandi.
Dastlab ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi rahbarlari, hududlarga biriktirilgan mas’ullar va akademiya ishchi guruhi vakillari ishtirokida mahallalarning kriminogen vaziyati muhokama qilindi.
Tumanda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida bezorilik jinoyatlari ko‘p qayd etilgani, aholining xavfsiz va osoyishta hayotini ta’minlash uchun qo‘shimcha kuch-vositalarni yo‘naltirish, patrullik nazoratini kuchaytirish, “jinoyat o‘choq”larida krimininogen vaziyatni barqarorlashtirish lozimligi ta’kidlandi.
Akademiya boshlig‘i bezorilik bilan bog‘liq holatlarni ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganib, ularning sabab va sharoitlarini barataraf etishga qaratilgan taklif-tavsiyalarni ishlab chiqish borasida topshiriq berdi. Ushbu turdagi jinoyatlar asosan kafe-restoranlar, ko‘ngilochar maskanlarda sodir etilayotganini inobatga olib, aholiga maishiy xizmat ko‘rsatuvchi muassasalar rahbarlarining mas’uliyatini oshirish kerakligini aytdi.
Shundan so‘ng “Sulton Mashhadiy” mahallasidagi ko‘chalarda aholi xavfsizligi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi. Akademiya boshlig‘i hududlarda xizmat olib borayotgan patrullik guruhlari faoliyatini, tezkor vaziyatni kunu tun nazorat qilish maqsadida joylarga o‘rnatilgan kameralar va “SOS” tashvish tugmalari holatini o‘rgandi. “102” tizimi orqali kelib tushgan xabarlarga zudlik bilan munosabat bildirish, ko‘chalarda maqsadsiz yurgan yoshlarni profilaktik nazoratga olish, ovloq joylarga zamonaviy kameralar o‘rnatish orqali jinoyatlarning barvaqt oldini olish borasida topshiriq berdi.
O‘rganishlar yakunida yechimini kutayotgan masalalar bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati