IIV akademiyasida o‘quv yig‘iniga jalb qilingan voyaga еtmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlar uchun ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.
Uzoq yillar qator rahbarlik lavozimlarida samarali mehnat qilgan iste’fodagi general-mayor Tohir Mullajonov xodimlar bilan uchrashuvda o‘z hayotiy yo‘li haqida hikoya qildi. U o‘z so‘zida xizmat yillaridagi mas’uliyatli vazifalar, yodda qolgan tarixiy voqealar, erishilgan yutuqlar va еngib o‘tilgan sinovlar haqida batafsil to‘xtaldi. Bu suhbat yoshlarga nafaqat qiziqarli xotiralar, balki hayotga qat’iyat, intilish va Vatanga sodiqlik saboqlarini ham ulashdi.
Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Javdat Po‘latov ishtirokida o‘tgan yig‘ilish esa mazmunan boy va hayotiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Tadbir davomida mutaxassis tinglovchilarga ruhiy salomatlikni mustahkamlashning ilmiy asoslangan va amaliyotda sinovdan o‘tgan samarali usullari haqida ma’lumot berdi. Xususan, stress omillarini bartaraf etish, ish jarayonida psixologik muvozanatni saqlash, hissiy charchashning oldini olish bo‘yicha qator tavsiyalar ilgari surildi.
Akademiya saf maydonida inspektor-psixologlar o‘rtasida bilim va tafakkurni sinovdan o‘tkazish maqsadida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi. Tadbirda guruhlarga bo‘lingan ishtirokchilar qator savollarga javob berishda o‘z bilimi, mantiqiy fikrlash qobiliyati va jamoada ishlash mahoratini namoyish etdilar.
Shuningdek, ular Toshkent shahrining eng muhim madaniy maskanlaridan biri – Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurib, o‘zbek davlatchiligi va madaniy merosining boy tarixiga nazar tashladilar. Ekskursiya davomida Sohibqiron Amir Temur va temuriylar sulolasining davlat boshqaruvi, ilm-fan, me’morchilik va san’at sohalaridagi yutuqlari, shuningdek, o‘sha davrning bebaho moddiy va ma’naviy boyliklarini o‘zida mujassam etgan noyob eksponatlar bilan yaqindan tanishildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati