Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti qo‘mita raisi Rahmonjon Kimsanboyev IIV O‘quv-dala markazida akademiya kursantlari bilan uchrashdi.
Yoshlarning huquqiy ongini, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan tadbir ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
Muloqot avvalida kursantlarga Yoshlar parlamentining faoliyati haqida tushuncha berildi. Ushbu tuzilma yurtimiz yoshlarining siyosiy-huquqiy dunyoqarashini yuksaltirish, jamiyat hayotiga daxldorligini kuchaytirish, ularni qonun ijodkorligi jarayoniga keng jalb etishda muhim institut sifatida shakllanib borayotgani qayd etildi.
– Parlamentning har bir a’zosi o‘zi istiqomat qiladigan hudud yoshlarining muammolarini o‘rganib, sabablarini aniqlab, uni yoshlar o‘rtasida muhokama qilgan holda bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda. Qonun ijodkorligi jarayonida ishtirok etib, tengdoshlarining xohish-istaklarini qonunchilikka tatbiq etish, ularning takliflarini parlamentga olib chiqishga intilmoqda, – dedi Yoshlar bandligi, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Rahmonjon Kimsanboev.
Tadbir davomida qonun ijodkorligi jarayonlari, yoshlar bilan manzilli ishlash natijasida erishilayotgan yutuqlar, istiqboldagi rejalar, yoshlar manfaatlari yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z bordi. Kursantlar taklif va tashabbuslarini bildirib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati