Tadbir O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi ijrosi bilan boshlandi. Аkademiya boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov davlatimiz rahbari tomonidan taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan mislsiz islohotlarga to‘xtaldi.
– So‘nggi besh yilda mamlakatimiz o‘z taraqqiyot yo‘lining yangi davriga dadil qadam qo‘ydi. Inson qadrini ulug‘lash, xalqimiz uchun munosib sharoit yaratishga qaratilgan yangilanishlar jamiyat hayotining barcha soha va tarmoqlarini qamrab oldi. Аyniqsa yoshlarga oid davlat siyosati ustuvor ahamiyat kasb etib, kelajagimiz vorislarining munosib taʼlim-tarbiya olishi muhim vazifalardan biri etib belgilandi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirmonovich Mirziyoyev “taʼlimni o‘zgartirsak, taʼlim insonni o‘zgartiradi. Inson o‘zgarsa – butun jamiyatimiz o‘zgaradi”, deb bejiz aytmadilar. Chunki zamonga mos raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, yoshlarimizni har tomonlama barkamol shaxs etib voyaga yetkazish davrning muhim talabiga aylanmoqda. Taʼlimda yuqori samaradorlikka eshirish esa muhtaram ustozlarimizning hayotga munosabati, fidokorona va masʼuliyatli mehnatiga bog‘liq, – dedi R.Xatamov.
Taʼkidlanganidek, ichki ishlar organlari tizimini xalq manfaatlariga xizmat qiladigan, maʼnaviy pok, o‘z burchiga sodiq, xalqparvar va masʼuliyatli xodimlar bilan to‘ldirib borishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, joriy o‘quv yilidan Ichki ishlar vazirligi akademiyasida zamonaviy taʼlimning ilg‘or yondashuvlari tatbiq etilib, o‘quv-tarbiya va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tubdan takomillashtirildi. Bu ham intellektual salohiyati va professional bilim darajasi yuqori, maʼnaviy-axloqiy jihatdan yetuk kadrlarni tayyorlash, Vatan taqdiriga daxldor yoshlarni kamol toptirishda muhim poydevor bo‘ladi.
Tadbirda Jaloliddin Manguberdi nomidagi hamda Ichki ishlar vazirining idoraviy stipendiyalariga sazovor bo‘lgan bir guruh iqtidorli kursantlarga diplomlar tantanali ravishda topshirildi.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, general-mayor А.Ikromov so‘zga chiqib, yoshlar o‘zlari uchun yaratilgan zamonaviy imkoniyatlardan oqilona foydalanib, kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini muntazam ravishda boyitib borishlarini, buyuk ajdodlarimizga munosib izdoshlar sifatida mard, jasur va fidoyi bo‘lishlarini taʼkidladi.
– Bugun O‘zbekiston yoshlarining kelajakka ishonchi, intilishi juda baland, – deydi Аkademiyaning 2-bosqich kursanti, “Ichki ishlar vaziri stipediati” faxriy yorlig‘i sohibasi Malika O‘rmonova. – Chunki shaxsan Prezidentimiz yosh avlod taqdiri uchun qayg‘urib, ulkan eʼtibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelyaptilar. Davlatimiz rahbarining “Yangi O‘zbekistonni yoshlar bilan birgalikda quramiz!”, degan g‘oyalari men qatori, barcha tengdoshlarimni doimo yangi marralar sari daʼvat etadi. Kelajak maqsadim yetuk malakali profilaktika inspektori sifatida mamlakatimiz tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida farzandlik mehri va sadoqati bilan xizmat qilishdir.
Tadbir so‘nggida ona yurtimizni madh etuvchi qo‘shiqlar yangradi.
IIV Аkademiyasining Аxborot xizmati