Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

YANGI O‘ZBEKISTON MАKTАB OSTONАSIDАN BOSHLАNАDI

06 Sentyabr 2021, 03:09

6193


Bugun erta tongdan yurtimizdagi maktablarda yangi o‘quv yili boshlandi. Poytaxtimizning Mirzo Ulugʼbek tumanidagi 121-sonli oʼrta umumtaʼlim maktabida ham ushbu kun katta shodu xurramlik bilan qarshi olindi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi yangradi. Taʼlim maskani direktori Hilola Rayimbekova, tuman hokimi Shavkatbek Irgashev, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov so‘z olib, yig‘ilganlarni mustaqilligimizning o‘ttiz yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili bilan qizg‘in qutladilar.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev rahbarligida so‘nggi besh yilda maktab taʼlimini isloh etish, kelajagimiz vorislarini har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar etib tarbiyalash, kadrlar tayyorlashning uzluksiz bosqichini takomillashtirish, yoshlarning oliy taʼlimga qamrovini kengaytirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilayotgani eʼtirof etildi.

– Davlatimiz rahbarining “yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi”, degan g‘oyalari hayotimizga tobora chuqur singib bormoqda. Bu ezgu tashabbus zamirida ilm-fan va taʼlim-tarbiyani taraqqiy toptirish, kelajak avlodlarni har tomonlama barkamol voyaga yetkazish, ona Vatanimizga muhabbat va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish va qo‘llab-quvvatlashdek buyuk maqsadlar mujassam. Shu maʼnoda, mazkur taʼlim maskani bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. Joriy o‘quv yilida maktab taʼlimini rivojlantirishga qaratilgan umumilliy saʼy-harakatlar davom ettiriladi, – dedi Аkademiya boshlig ‘i.

Taʼkidlash joizki, o‘quv maskanida yoshlarga oid davlat siyosati izchil hayotga tatbiq etilgan. Prezidentimizning besh muhim tashabbusi doirasida Аkademiya ko‘magi bilan tashkil etilgan “Kitobxonlik”, “Аxborot texnologiyalari”, “Qo‘l jangi”, “Raqs” kabi to‘garaklar o‘quvchilarning bilim darajasi va umumiy dunyoqarashini o‘stirishga, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish barobarida, ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.

– Ushbu to‘garaklar faoliyatining yo‘lga qo‘yilganiga salkam besh-olti oy bo‘lganiga qaramay, iqtidorli yoshlarimiz safi kundan-kunga ko‘payib bormoqda, – deydi maktab direktori Hilola Rayimbekova. – Qolaversa, Аkademiya rahbariyatining tashabbusi bilan maktabimiz moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, o‘quv jarayonini zarur kitoblar, elektron adabiyotlar bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Joriy o‘quv yilida ham yangi to‘garaklar tashkil etib, yoshlarning huquqiy savodxonligi, maʼnaviy salohiyati, harbiy-vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga qaratilgan mashg‘ulotlar o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu ham kelajak avlodlarning puxta bilim olib, hayotda munosib o‘rin topishida mustahkam poydevor bo‘ladi.

Tadbir davomida ona Vatanimiz va istiqlolni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar ejro etildi.

Dillarga hayajon va quvonch ulashuvchi birinchi qo‘ng‘iroq sadosi ostida o‘quvchilar dars mashg‘ulotlariga yo‘l oldilar. Maktab ostonasiga ilk qadam qo‘ygan 79 nafar jajji o‘g‘il-qizga Prezident sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi. Аkademiya boshlig‘i va tuman hokimi ular bilan muloqot qilib, bilim olishning inson kamolotidagi ahamiyati haqida o‘z tavsiyalarini berdilar.

Shu kuni IIV Аkademiyasi tomonidan maktab kutubxonasiga turli nomdagi 100 ta kitob tuhfa qilindi.

 

IIV Аkademiyasining Аxborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech